Zangiotadagi mahallada 10 oydirki elektr toki yo‘q. 10 oydirki ular Prezidentni ko‘rmaydi

Tahlil

QALAMPIR.UZ tahririyatiga Zangiota tumani, “Qatortol” QFY, “Ibratli” bog‘dorchilik, uzumchilik shirkatidagi (BUSH) aholi vakillaridan shikoyat kelib tushdi.

Unga ko‘ra, dala hovlilarda istiqomat qiluvchi aholi qariyb 10 oydan buyon elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilgan.

Mazkur dala hovlilarning birida 25 yildan buyon istiqomat qiluvchi Jo‘ra Komilovning so‘zlariga ko‘ra, shu mahalgacha elektr tarmog‘i bunchalik uzoq muddatga uzib qo‘yilmagan. 

“Ko‘chamizda 46 ta xonadon bor. Bizning dala hovlilar mahalla tipiga o‘tkazilmagan, shunga qaramay, bu joydagi oilalarning barchasi doimiy istiqomat qilib kelmoqda. Ko‘chamizda barcha muammolarni o‘zimiz hal qilishimiz kerak,  bunga boshqa davlat tashkilotlari aralasholmaydi. Mahallamizga Guljamol Ortiqova va Muqaddam Ayupova raislik qilgan vaqtda, ular odamlarning pulini olib, o‘z maqsadlari uchun ishlatib yuborgan. Kimni qancha qarzi borligini ham bilmagan. Elektr uzib qo‘yilgandan keyin ikki ayol ham meni aybim yo‘q, deb qutulgan. Mana, Muqaddam Ayupova bu yerdan ko‘chib ketdi, men qarzim bo‘lmasa-da, chirog‘imiz yonishi uchun 2 million so‘m to‘ladim. Necha yillar davomida yig‘ilayotgan qarzga Majburiy ijro buyurosi Zangiota tuman bo‘limi befarq qaragan. Uyimizga tok ishlab chiqaradigan uskuna olib kelib qo‘yganman, lekin u ham doim ishlamaydi. Har oyda benzin uchun 400-500 ming pul sarflayman. Biz mana shu ikki rais sabab yig‘ilib qolgan qarzni to‘layapmiz, Xudo yo‘liga, yana yetmaganiga berishga roziman, faqat hammani tarmog‘i alohida bo‘lsa bo‘lgani. Shahar yaqinida yashasak-da, o‘z holimizga tashlab qo‘yilganimiz to‘g‘rimi?”, dedi Jo‘ra Komilov.

Biz ushbu holat yuzasidan Jo‘ra akaning xonadonidagi sharoit bilan yaqindan tanishdik.

Ushbu dala hovlida istiqomat qiluvchi Lobar Aliyevaning ham e’tirozlarini tingladik.

“2018 yil 13 sentyabrdan buyon chiroq yo‘q, yosh bolalarim bilan juda qiynalib ketdim. Zulmatda yashayotganga o‘xshaymiz. Bolalarimning kiyimlari dazmollanmagan holatda maktabga jo‘nataman. Qish boshlanmasdan elektr tarmog‘i uzib qo‘yilgani sababli juda qiynaldik. Bolalarimizni na cho‘miltirolyapmiz, na darsini qildirolyapmiz... Sham ishlatishga majburmiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga, Bosh prokuraturaga murojaat qildik, bormagan joyimiz qolmadi. Hech kim bizga  yordam bermadi. Majburiy ijro buyurosi Zangiota tumani bo‘limiga murojaat qilganimizda, ular biz hududingizga kirolmaymiz, hech narsa qilib bermaymiz deb aytishdi”, dedi Lobar Aliyeva.

Dala hovlida yashovchi Mahmuda A’zamova ham suhbatimizga qo‘shildi.

“Yashash qiyin, sharoit yo‘qligi uchun onamiznikiga ketib qolamiz. Hech qaysi tashkilot ishimizni hal qilib berolmadi, yangi raisimizning bu masalani hal qilishga kuchi yetmayapti. Qarzdorlik kimdaligi ham aniq emas. Qarzni to‘laydiganlar bilan, to‘lolmaydiganlar ham bor. Qarzdorlik hisobiga chiroqsiz o‘tiribmiz. Har birimizning xonadonimizda hisoblagich alohida bo‘lgani bilan, hammamiz ko‘chaning boshidagi (hisoblagich) qarzdorlik bo‘yicha to‘lashimiz kerak bo‘lyapti. Shuning uchun ham, shu vaqtgacha elektr ta’minotidan uzilganmiz. Nima uchun kimningdir qarzini to‘lashimiz kerak. Bizni ustimizdan Zangiota tumani Majburiy ijro buyurosi tumandagi Ichki ishlar bo‘limiga yozib yubordi. Mening qarzim emas, aholini qarzi, elektr puli o‘g‘rilangan, deb shikoyat qilgan. Nega Majburiy ijro buyurosi haq bo‘lsa, xonadonma-xonadon yurib qarzdorni aniqlab bermagan? Umumiy qarz bo‘lingan bo‘lsa ham hamma hali to‘lamadi”, deydi Mahmuda A’zamova.

 

Mazkur holat yuzasidan, QALAMPIR.UZ muxbiri “Ibratli” bog‘dorchilik, uzumchilik shirkati Jumanqul Durmatov balan bog‘landi.

“Dala hovlidagilar transformator ichidagi bitta hisoblagichga pul to‘laymiz. O‘sha tarmoqdan aholiga tarqaladi. Bu masala bilan mendan oldin rais bo‘lgan Guljamol Ortiqova va Muqaddam Ayupova shug‘ullangan. Qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan chog‘da qarzdorlik mavjud bo‘lgan. Guljamol Ortiqova rais paytida 19 million qarzdorlik bo‘lgan. Muqaddam Ayupova raisligi chog‘ida 30 millionga yetgan. Buni raislarga ma’lum qilishgan, aholiga aytilmagan. Majburiy ijro byurosi vakillari kelib elektr tarmog‘idan uzib ketdi. Men o‘sha paytda mahalla raisligini olmagandim.

Aholi bilan Majburiy ijro byurosiga borganimizda, qarzlaringni uzinglar, keyin yoqamiz deyishdi. Mahalladagilar bilan majlis o‘tkazdik. Guljamol Ortiqova va Muqaddam Ayupovadan nima sababdan bunday bo‘lganini so‘raganimizda, ikkisi aybni bir-biriga ag‘dardi. Chunki bizda elektr masalasi bilan ular shug‘ullanishgan. Mahalla muhrini ham juda talashishdi. Keyin men mahalladagilarning iltimosi bilan raislikni oldim. Aholi bilan birgalikda ikki rais ustidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qildik. Lekin hech qanday chora ko‘rilmadi. Ish boshlaganimdan keyin, ayollarni aralashtirmay, erkaklar bilan majlis qildim. Umumiy qarzdorlikni hammaga bir xilda bo‘lib tashladik. 700 ming so‘mdan to‘g‘ri kelyapti. Ko‘pchilik bu pulni to‘ladi. 20 ga yaqin oila to‘lamayapti. Bundan ikki yil oldin eski transfarmatorni o‘zim yangilaganman. Biz hozirda har bir xonadon tarmog‘ini alohida qilishni o‘ylayapmiz. MIBga elektr tarmog‘idan o‘chirgandan keyin 2 milliondan oshiq jarima pulini to‘lash kerak ekan. O‘sha pul to‘landi. MIB boshlig‘i bilan gaplashganman, sizdan bir vakil olib kimni qancha qarzi borligini aniqlaymiz, 30 million qarzni to‘laymiz, yangi transfarmatorni qo‘yasiz dedim, xo‘p dedi. Hozirda gaz individual ishlaydi – kimning qarzi bo‘lsa uzadi, ketadi.

Endi elektr tarmog‘ini ham shunday qilmoqchimiz. Men elektrik bo‘lmasam. Menga siz muxbirlar ham yordam bering shu masalada. Mahalla boshidagi bog‘ egasi insonparvarlik yuzasidan elektr tarmog‘iga 10 million so‘m to‘lab bermoqchi edi, 2 millionini to‘ladi, 8 millionni to‘lab bersa, biz ham yig‘ib-to‘lab chirog‘imizni yoqtirardik. Biz ham ikki ayolni qilgan ishlaridan jabr ko‘ryapmiz. Rais Ayupova dala hovlisini sotib ko‘chib ketdi. Hozir hammasi o‘zimga qolib ketgan", dedi Jumanqul Durmatov.

Mazkur holat yuzasidan, QALAMPIR.UZ ijodiy guruhi Zangiota tumani Majburiy ijro byurosiga bordi. Kelganimizni ma’lum qilganimizdan so‘ng, ular bizni ancha vaqtgacha kuttirishdi, tashrifimiz ularni biroz cho‘chitdi ham. Zangiota tumani MIB bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Rustam Aliyev bizga quyidagilarni ma’lum qildi:

“Bu masala bilan biz shug‘ullanmaymiz. Bizning vazifamiz qarzdorlik bo‘lsa, elektrni uzish. Muammoni aholining o‘zi hal qilishi kerak. Bu masalalar bilan hokimiyat tomonidan tayinlangan Bog‘dorchilik-uzumchilik shirkati(BUSH)dagi dala hovlilar masalalari bilan shug‘ullanuvchi mas’ul Alisher Inog‘omovga murojat qilasizlar, bu bilan ular shug‘ullanishi kerak”.

To‘g‘ri-da, o‘zidagi mavjud muammolarni bartaraf etolmagan rahbar qanday qilib, boshqalarga yordam berishi mumkin?

Mazkur holat yuzasidan, QALAMPIR.UZ ijodiy guruhi Zangiota tumani Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi rahbari (Zangiota tuman hokimligi dala hovlilar masalalari bo‘yicha mas’ul) Alisher Inog‘omovdan holatga oydinlik kiritish maqsadida ma’lumot oldi.

“Bu masala yuzasidan menga emas, tuman elektr tarmoqlariga murojaat qilish lozim. Dala hovlilar elektr tarmog‘i bilan shartonoma asosida ta’minlanadi. Eshitishim bo‘yicha, dala hovlilarning elektr tarmog‘idan qarzi bor. Ularni muammosini yechishga harakat qildik. Dala hovlidagi fuqarolar hokimiyatga murojat qilgan. Majburiy ijro buyurosiga bu haqda topshiriq berilgan. Ular tomonidan bo‘lib to‘lab berilsa, mayli yoqamiz deb javob berilgan. Anig‘ini bilmayman. Bu shirkat raisining gapi. Lekin, mahalla fuqarolari shuni ham to‘lashmayapti. Mahallada hamjihatlik yo‘q, ahillik yo‘q. Birov to‘lay olmayman deydi, boshqalari to‘laymiz deyishyapti. Qarzni to‘lamasdan muammoni hal qilish qiyin.

Meni bu yerda aloqadorligim faqat yuridik shirkatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish. Men ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganman. Bizda muammo yo‘q. Yuridik shaxslar yig‘ilish asosida muammoni bartaraf etishi kerak. Elektr ta’minotidan vaqtida uzilmagan. Shu sababli, aholi shu ahvolga kelib qolgan. Xalqqa yordam berishga harakat qildik. Lekin odamlar qarzlarni to‘lolmayapti. Ularning transformatori shirkat balansida, bunga yuridik shaxs jovobgar. Elektr tarmog‘i davlat balansida emas. Transformatorga kirgan elektr energiyasi uchun aholi qarzini to‘lashi kerak. Agar bu joylar yakka tartibdagi uy-joylar bo‘lganda edi, alohida ikki tomonlama shartnoma tuzilardi. O‘sha qarzini to‘lamayotgan xonadonlar elektr tarmog‘idan uzilardi. Bular yuridik shaxs bo‘lgani uchun bitta transformatordan hamma foydalanadi.Muamoni umumiy yig‘ilish bilan hal qilishlari kerak. Hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun harakat qilishi kerak. Bir necha bor u yerga borib, masalani yechishga harakat qildik. Foydasi bo‘lmadi. Majburiy ijro byurosiga xat bilan chiqib, vaqtinchalik chiroqni yoqib berish masalasini ko‘rishimiz mumkin. Meni sohamga aloqasi bo‘masa-da, Majburiy ijro byurosidan ulatib berish choralarini ko‘ramiz”,  deydi Alisher Inog‘omov.

Otanga bor, onanga bor

Mutasaddilar hali ham nimaiki muammo bo‘lmasin o‘zidan soqit qilishga urinishadi. Bu orada aholi sarson, jurnalist sarson. Biror mard chiqib kel shu masalani men yechib beray demaydi. QALAMPIR.UZ muxbiri "Toshkent hududiy elektrotarmoq korxonasi" AJ Zangiota tuman bo‘limi rahbari Bekzod Alimatov balan telefon orqali bog‘landi.

Shu rahbar muammoni aniq bartaraf etadi-yov, degan o‘y xayolimizdan o‘tdi. Yana o‘sha tanish holat, muammo chetda qolib o‘zgaga aqdarish, baraka top-ey, deging keladi.

“Dala hovlidagi chiroq qarzdorlik hisobiga o‘chirilgan, aholi ko‘p joylarga murojat qilgan, vaziyat Majburiy ijro buyurosi Zangiota tumani bo‘limining qo‘lida. Ularning qarzi bo‘lsa, men nima qilib berishim mumkin. 10 oy davomida 1-2 milliondan to‘laganda ham to‘lab qo‘yishardi, lekin ular to‘lashmayapti. Bu joy million yildan buyon Bog‘dorchilik-uzumchilik shirkati bo‘lib kelgan. Ushbu shirkatlar doimiy yashash uchun mo‘ljallanmagan, aholi esa doimiy yashashga o‘tib olgan. Mahalla maqomi berilgandan keyin, har bir oilani elektr tarmog‘ini alohida qilish mumkin. Buning uchun Zangiota tuman hokimining qarori kerak, o‘shanda ham qarzdorlikdan halos bo‘lgandan so‘ng bu ishni amalga oshirish mumkin. Bu muammo hamma BUSHda bor, ko‘p marotaba muhokama bo‘lgan, ammo mening qo‘limda emas. Bu ishlarning boshida tuman Majburiy ijro buyurosining rahbari (Asilbek Usmonov) turibdi. Hamma narsani boshlab qo‘yadi-da, bir chetda tomosha qilib o‘tiradigan odam. Qo‘ying bu yerda o‘zi boy odam turmaydi desam, unga bunaqa deb, bunga bunaqa deb o‘chirtirgan. Yigirma million qarzi bo‘lsa, 10 million, 10 million qarzi bo‘lsa 5 millionini to‘lasin, deb aytgan edi. MIB tomonidan yoqishga ruxsat etilsin, deb yozib berishsa, o‘sha hujjatga asosan yoqib berishim mumkin. Chunki elektrni o‘chirish, yoqish to‘liq MIBga o‘tib ketgan. Biz biror tashkilotning qarzi bo‘lsa ham o‘chirib qo‘yishga haqqimiz yo‘q”, deydi Bekzod Alimatov.

Ko‘rib turganingizdek, vaziyat juda chigal, shahardan uzoq bo‘lmagan hududda ahvol murakkabligicha qolmoqda. Yuzaga qalqqan masala aslida necha yillardan buyon gazak otib kelayotgan muammo-ku aslida. Xo‘p, mahalla ahli ahil emas ekan, mansabdorlar nega ahillik bilan bu masalani hal qilishga bosh qo‘shmaydi. Chunki, ularning o‘zi ham, ana shunday tarqoq. Otangga bor, onangga bor qabilida ish ko‘rishga odatlanib qolgan.

Aholiga hech qanday yordam berilmagan, qog‘ozbozlikdan nariga o‘tilmagan, desa ham bo‘laveradi. Aholining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi va Bosh prokuraturaga yozgan arizalari hali-hamon qanoatlantirilmagan. Ahvol o‘sha-o‘sha, mavjud qarzga foiz oyma-oy qo‘shib borilyapti. 10, 20, 30 million, yana qancha davom etishi mumkin?

Endi Majburiy ijro buyurosi Zangiota tuman bo‘limi faoliyatiga bir nazar tashlasak. Nega sobiq shirkat raislarining shu vaqtgacha to‘plangan qarzlari uchun MIB tuman bo‘limi elektr tarmog‘idan ularni ertaroq uzib qo‘ymadi? Bu qarzdorlik hisobidan ular ham manfaatdor bo‘lmagan, deb kim ayta oladi yoki bu ularning mas’uliyatsizligidanmi? Ishga o‘z vaqtida e’tibor berishmaganidanmi? Yana kim biladi...

Ularning vazifasiga to‘g‘ri yondashmagani uchun nega chora ko‘rilmadi? Axir bu dala hovlida yashovchi shirkat a’zolarining vazifasiga kirmaydi-ku. Majburiy ijro buyurosi Zangiota tuman bo‘limi o‘z vaqtida bu holatning oldini olganida edi, ahvol shu darajaga yetmagan, qarzdorlik oshib-toshib ketmagan bo‘lardi. Qaysi tashkilotga bormaylik, bu bizning ishimiz emas, bizning bunga aloqamiz yo‘q deb javob beradi. Mazkur hududda yashaydigan aholi nima uchun o‘z qarzi bo‘lmagan holda boshqalar qarzini to‘lashi kerak? Yemagan somsanga pul to‘lash, deb shunga aytishadi-da.

Chiroqni o‘chirishdan oson narsa yo‘q aslida. Uni ortidan kelib chiqayotgan muammolarga unchalik ham ko‘p bosh qotirilmayapti. Aholini jamiyatdan uzilib qolgan, deb ta’riflansa ham bo‘ladi. Aniqki, hamma televizior, radio eshitmaydi. Internet tarmog‘idan uzilgan, dunyoda, hatto mamlakatda nima yangiliklar yuz berayotganidan ham bexabar. Oilalar tarqab ketmoqda.

Issiq kunlar ham allaqachon boshlangan. Hozir qishloqlarda ham foydalanilayotgan muzlatgichlardan shahardan uzoq bo‘lmagan joyda yashovchi aholi mosuvo. Ushbu dala hovlilarda yashovchi fuqarolar o‘z muammosini hal qilolmagani uchun ham davlat tashkilotlariga murojaat qilgan. Keling, ularga birgalashib yordam beraylik, Chunki, hamma illatlar befarqlikdan, loqaydlikdan kelib chiqadi. Ammo olgan javobi...

Og‘riqli jihati 10 oydirki, bu hududda yashayotganlarning kiyimlariga dazmol urilmaydi, 10 oydirki, uylarda issiq suv yo‘q, 10 oydirki, muzlatgich ishlamaydi, 10 oydirki, ular Prezidentni ko‘rmaydi, davlatdagi o‘zgarishlardan bexabar. 10 oydirki, TV ko‘rmagani sabab Toshkent viloyatiga yangi hokim tayinlanganini ham bilmaydi. Uyat emasmi?  

QALAMPIR.UZ tahririyatining quyidagi tashkilotlar:

– Zangiota tumani hokimiyati;

– Majburiy ijro byurosi Zangiota tumani bo‘limi;

– Zangiota tuman prokuraturasi;

– Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumani sudi;

– Toshkent hududiy elektrotarmoq korxonasiga savoli bor: siz zulmatda necha kun yashay olasiz? Ushbu masalani hal qilishingiz uchun yana qancha sabab, sabr, vaqt kerak?


Maqola muallifi

Teglar

elektr Zangiota muammo

Baholaganlar

43

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing