Umid qilamanki safingizda 41 o‘lchamdagi oyoq kiyim kiyadigan qalloblar ishlamayapti – Varlamov DBQga javob qaytardi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi rossiyalik bloger Ilya Varlamov bilan chegarada yuz bergan holatga munosabat bildirgani haqida xabar bergan edik.

Bloger Qozog‘istondan O‘zbekistonga o‘tish vaqtida chegarada bo‘lgan holatni, bojxonachilarning xatti-harakatini aytib bergan.

“Qozoq-o‘zbek chegarasidan o‘tayotganimda sodir bo‘lgan qiziq holat hech esimdan chiqmaydi. Qozog‘istondan chiqib, O‘zbekiston chegarasidan o‘tayotganimda o‘zbeklar yukxonani ochib, chamadonimni titkilay boshladi. Chegarachi krossovkalarni oldi va so‘radi: “O‘lchami necha?” Men aytdim: 43. U esa: “Afsus, 41-o‘lcham yo‘qmi?”. Xuddi do‘konda yurgandek narsalarni titkiladi. Keyin u chamadonimizdagi sigaretlarni topdi va ularni olib qo‘ydi. Yaxshiyam krossovkam 41 o‘lchamda emasdi deb o‘yladim, bo‘lmasa krossovkalarni olib qo‘yardi”, degan Varlamov.

DBQning bunga munosabatida Varlamov yaqin 5 yilda O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidan o‘tmagani, u 2020 yilda Samarqandga kelib, u yerdan Tojikistonga ketgani aytilgan.

Rossiyalik bloger Qo‘mitaning munosabatiga ham o‘z izohini berdi va tashkilotni xorijiy fuqaroning shaxsiy oid ma’lumotlarni oshkor qilmaslikka chaqirdi.

“Hurmatli O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi, sizlarda hammasi yaxshimi? Umid qilamanki, endilikda safingizda 41 o‘lchamdagi oyoq kiyim kiyadigan qalloblar ishlamayapti. Bu 10 yil oldin bo‘lgan va aminmanki, bu vaqt ichida sizlar yaxshi tomonga o‘zgardingiz. Ammo mukammallikning chegarasi yo‘q. Bojxona qo‘mitasi faoliyatini yana biroz yaxshilab, Rossiya fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari va safari tafsilotlarini oshkor etishni to‘xtatishni taklif qilaman”, degan Varlamov.

Ma’lumot uchun, Ilya Varlamovning 2010 yildagi O‘zbekistonga sayohati bo‘yicha qaydlariga ko‘ra, u qozoq-o‘zbek chegarasidan tez o‘tgan. U chegarada barcha texnika vositalari va pullar deklaratsiya qilinishi kerakligini, aks holda muammoga duch kelish hech gap emasligini yozgan. Shuningdek, bloger chegarada fotoapparatidagi suratlar alohida tekshirilganini ham qo‘shib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Il'ya Varlamov

Baholaganlar

513

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing