Umarov Janubiy Koreyani qurol yetkazib berishga ko‘ndira olmadi
Olam
−
03 dekabr 2024
10976Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov Janubiy Koreyani Kiyevga qurol yetkazib berishga ko‘ndira olmadi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “South China Morning Post” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Umarov o‘tgan hafta Seulga tashrifi chog‘ida Janubiy Koreya hukumatini o‘z siyosatini qayta ko‘rib chiqishga undashga harakat qilgan, jumladan, Shimoliy Koreya armiyasining Rossiyaga askar yuborayotgani haqidagi da’volarni takrorlagan. Biroq Seul o‘z pozitsiyasini saqlab qolib, urush zonalariga qurol eksport qilishni taqiqlovchi qonunlarga rioya qilishini bildirgan.
Manbalarga ko‘ra, Janubiy Koreya AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning ikkinchi muddati bilan bog‘liq geosiyosiy noaniqlik sharoitida ehtiyotkorlik siyosatini olib bormoqda. Xususan, Janubiy Koreya hukumati Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroga chuqurroq kirishdan o‘zini tiyishga harakat qilmoqda. Bunga jamoatchilikning qurol yetkazib berishga qarshi ekani va Prezident Yun Sok Yolning past reytingi ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Hukumat vakillarining xavotiriga ko‘ra, Kiyevga qurol yetkazib berish haqidagi qaror Donald Tramp ma’muriyati bilan munosabatlarning yomonlashuviga olib kelishi mumkin. Chunki, Tramp avvalroq mojaroni tezroq hal qilishni qo‘llab-quvvatlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov boshchiligidagi maxsus delegatsiyasi Janubiy Koreya hukumatidan bepul qurol-aslaha yetkazib berishni emas, balki uni sotishni so‘ragani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi