Umarov: “ASDP fraksiyasi O‘zbekistonning YeOIIga kuzatuvchi davlat sifatida ishtirokini ma’qulladi”
Jamiyat
−
28 aprel 2020 4896 5 daqiqa
“Adolat” SDP fraksiyasi tomonidan O‘zbekistonning hozirgi rivojlanayotgan iqtisodiyotini inobatga olgan holda, hamkorlikda o‘tish davri belgilanib, kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etishi ma’qullandi. Bu haqda fraksiya rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spiker o‘rinbosari Narimon Umarov xabar berdi.
Umarovga ko‘ra, mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi Prezident tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasida aniq belgilab berilgan.
Davlat rahbari faoliyatining birinchi kunlaridanoq mamlakat tashqi siyosati, xususan, iqtisodiyotning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini ta’minlash masalasi ustuvor yo‘nalish sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin hamkorlikni chuqurlashtirish, strategik sheriklik asosida munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor berilmoqda. Ushbu hamkorlik natijalaridan oddiy fuqarolar manfaatdor bo‘lmoqda. Ayniqsa, iqtisodiyot sohalari bo‘yicha hamkorlik kuchaydi. Natijada iqtisodiyotga investitsiyalar hajmi 2 barobar oshdi. Ijtimoiy adolat tamoyili hayotning barcha jabhalariga joriy etildi. Buni o‘zbek xalqi va xalqaro tashkilotlar ham e’tirof etmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonning tashqi siyosatida YeOII bilan hamkorlik masalasi alohida e’tibor markazida bo‘lmoqda. Chunki bu tashkilotga a’zo davlatlar bilan ming yillik munosabatlar shakllangan, har biri bilan ikki tomonlama aloqalar mustahkam o‘rnatilgan va hamkorlik o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.
Shu sababli, “Adolat” SDP fraksiyasi deputatlari ham O‘zbekistonning Ittifoq bilan hamkorligi mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti uchun o‘ta muhim masala, deb hisoblaydi.
Ushbu hamkorlik bo‘yicha Qonunchilik palatasiga Hukumat tomonidan kiritilgan tahliliy hujjatlar to‘plami “Adolat” SDP va fraksiya qo‘shma yig‘ilishida tahlil qilingan. Kiritilgan normativ-huquqiy va tahliliy hujjatlar chuqur o‘rganilgan, bo‘lajak ijobiy va salbiy holatlar bo‘yicha partiya ekspertlari va olimlar bilan muhokama va maslahatlar o‘tkazilgan.
Shu o‘rinda alohida fuqarolar o‘rtasida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining o‘tkazgan so‘rov natijalariga e’tibor qaratish zarur. O‘tkazilgan so‘rovga asosan 54 foiz aholi YeOII bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlagan.
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari ham Qonunchilik palatasi tomonidan tuzilgan maxsus ishchi guruhida ham faol ishtirok etib, ular YeOII bilan hamkorlikning milliy iqtisodiyotga ta’sirini chuqur tahlil qilib, istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga o‘z pozitsiyalarini bildirgan. Fraksiya Ishchi guruhi xulosalarini to‘liq ma’qullaydi.
Mana hozir Ishchi guruhi YeOII bilan hamkorlikning iqtisodiyot tarmog‘iga ijobiy yoki salbiy ta’sirini batafsil ko‘rib chiqish va O‘zbekistonning boshqa xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlar bilan hamkorligiga ta’sirini har tomonlama ko‘rib chiqib, o‘z xulosalarini parlamentga taqdim etdi.
Shuningdek, parlamentda o‘tkazilgan “Hukumat soati”da ham deputatlar partiyaning pozitsiyasidan chiqqan holda hukumat a’zolariga iqtisodiyotning ba’zi sohalari bo‘yicha aniqlashtiruvchi savollar bilan murojaat qilgan.
“To‘g‘risini aytsak, ba’zi savollarga biz to‘liq javob ololmagan hollar ham kuzatildi. Keyingi murojaatlarimiz davomida ushbu masalalar bo‘yicha aniqlashtiruvchi javoblar oldik.
Fraksiyamiz muhokamasida O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi masalasida uning ijobiy va salbiy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi”, deydi Narimon Umarov.
ASDP fraksiyasi tomonidan quyidagi ijobiy tomonlar bildirilgan:
Birinchidan, mamlakat YeOIIga a’zo davlatlar bilan energetika sohasidagi hamkorligi kelgusida yaxshi natija beradi. Chunki bu davlatlar neft, gaz qazib olish va ularni qayta ishlash bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi. Bu o‘rinda O‘zbekistonda samarali faoliyat olib borayotgan yirik kompaniyalar LUKOYL va Gazprom misolida ko‘rish mumkin.
Ikkinchidan, transport-kommunikatsiya sohasidagi imkoniyatlar sezilarli darajada ortadi. Sanoat mahsulotlarining YeOII a’zo mamlakatlar orqali tranzit hajmlari yanada oshadi.
Uchinchidan, ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalari bo‘yicha hamkorlik ijobiy samara ko‘rsatadi. Mamlakat rahbarining sa’y-harakatlari bilan Rossiya va Belarus oliy ta’lim muassasalarining filiallari tashkil etilib, unumli faoliyat ko‘rsatmoqda. Raqobotdosh mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.
Sog‘liqni saqlash sohasida ham hamma guvoh bo‘layotganidek, koronavirus pandemiyasi davrida davlat rahbarining tashabbuslari asosida Rossiyaning yetuk tibbiyot mutaxassislari bilan uzviy aloqalar o‘rnatildi va samarali natijalarga erishilmoqda.
Bu masalalar “Adolat” SDPning Saylovoldi dasturida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanganligi ahamiyatlidir.
YeOII bilan hamkorlikning salbiy ta’siriga ham fraksiya deputatlari o‘z e’tiborlarini qaratgan.
Birinchisi, YeOIIga a’zo bo‘lish mamlakat sanoatining qator tarmoqlari rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, mamlakatda faoliyat yuritayotgan avtomobilsozlik, oziq-ovqat, farmatsevtika va boshqa sohalar 2 mlrd AQSH dollari atrofida yo‘qotishi prognoz qilinmoqda.
Ikkinchisi, YeOII davlatlari bilan tashqi savdo siyosatini yetarlicha muvofiqlashtirish quvvatiga ega emas. Sababi, YeOII qoidalarini buzgan davlatni YeOII sudiga berish kabi o‘ta muhim vakolat belgilanmagan.
Demak, istiqbolda YeOIIga a’zo mamlakatlar o‘rtasida halol raqobat muhitini buzish holatlari bo‘yicha nizolarni bartaraf etish mexanizmi mavjud emas.
Ushbu bildirilgan fikrlar doirasida fraksiya deputatlari tomonidan OAVda, markaziy va mahalliy televideniyelarda hamda ijtimoiy tarmoqlarda 30 dan ortiq munosabat yoritildi. Qolaversa, partiya faollari va ekspertlari tomonidan ham partiya g‘oyalaridan kelib chiqib fraksiya pozitsiyasini shakllantirgan.
Muhokamalar natijasida ASDP fraksiyasi tomonidan O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorlik masalasini yanada chuqurroq tahlil qilish, hozirda a’zo davlatlar iqtisodiyotiga va ijtimoiy rivojlanishiga ta’sirlarini taqqoslash bo‘yicha tahliliy ma’lumotlarni o‘rganish bo‘yicha takliflar bildirilgan.
“Xulosa sifatida O‘zbekistonning hozirgi rivojlanayotgan iqtisodiyotini inobatga olgan holda hamkorlikda o‘tish davri belgilanib, kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etish ma’qullandi”, deydi “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari Narimon Umarov.
Live
Barchasi