Ulug‘bek Rashidov 2 yilga diskvalifikatsiya qilinganiga izoh berdi (video)
Sport
−
12 iyul 12681 2 daqiqa
Ikki karra olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashidov 2025 yil 13 maydan boshlab 2027 yilning 12 mayigacha ikki yil muddatga musobaqalardan chetlatilgani haqidagi xabarlarga o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida munosabat bildirdi.
“Assalomu alaykum, aziz do‘stlar. Ko‘plaringiz eshitgan bo‘lsangiz kerak, men ikki yilga diskvalifikatsiya qilindim. Lekin men bir narsani aniq aytmoqchiman: bu diskvalifikatsiya taqiqlangan dori vositalarini qabul qilganim uchun emas, balki joylashuv bo‘yicha qoidalarga rioya qilmaganim uchun berildi. Bu men uchun og‘ir, lekin saboqli bir tajriba bo‘ldi. Biz yanada kuchliroq bo‘lib qaytamiz, Xudo xohlasa. Menga ishongan va qo‘llab-quvvatlagan barchaga cheksiz minnatdorlik bildiraman”, dedi u.
Sportchining so‘zlariga ko‘ra, har bir professional sportchi qayerda tunashi va qayerga uchishi haqidagi ma’lumotni maxsus elektron platforma orqali har kuni yangilab turishi kerak.
“Mening holatimda test oluvchilar ertalab soat 6:00 da kelishgan. Bu noyabr oyida sodir bo‘ldi. Men dasturda kechki 21:00 ni ko‘rsatgan edim va bu vaqtdan tashqari kimdir kelishini kutmaganman. Hatto qo‘ng‘iroq ham qilishmadi, faqat SMS yuborishdi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Shundan so‘ng Rashidovga mazkur holat doping qoidalarini buzish sifatida baholanishi va unga nisbatan diskvalifikatsiya chorasi qo‘llanishi to‘g‘risida rasmiy xabarnoma yuborilgan. Oxirgi marta 22 aprel kuni sportchidan doping uchun namunalar olishgan. Ular Rashidovning toza ekanini aniqlab, shundan so‘ng bu qarorni chiqarishgan.
Xalqaro testlash agentligi (ITA) ma’lumotiga ko‘ra, 23 yoshli sportchi 12 oy ichida uch marta joylashuv manzili haqida noto‘g‘ri yoki umuman ma’lumot taqdim etmagan. Bunday holatlar antidoping qoidalariga zid hisoblanadi, chunki ular kutilmagan testlarni o‘tkazish imkoniyatini cheklaydi.
Live
Barchasi