Ronaldu terma jamoadan chetlatildi – OAV

Sport

−

image

Portugaliya futbol federatsiyasi besh karra “Oltin to‘p” sohibi Krishtianu Ronaldu terma jamoa yig‘inini tark etgani uchun uni milliy jamoa safida o‘ynashdan chetlatishga qaror qildi. Bu haqda “Mirror” nashri xabar berdi.

Portugaliya futbol federatsiyasi qoidalariga ko‘ra, Krishtianu Ronalduga nisbatan avtomatik ravishda diskvalifikatsiya chorasi qo‘llangan. Endi intizomiy kengash futbolchining jazo muddatini belgilaydi. U bir oydan olti oygacha davom etishi mumkin.

Agar diskvalifikatsiya bir oydan ortiq muddatga belgilansa, Ronaldu kelasi oy Daniya va Uelsga qarshi Millatlar ligasi uchrashuvlarida ishtirok eta olmasligi mumkin.

Intizomiy kengash qaror qabul qilishda futbolchining uzr so‘ragani kabi holatlarni ham inobatga oladi. ESPN nashrining xabar berishicha, Ronalduga nisbatan qisqaroq muddatli diskvalifikatsiya qo‘llanishi ehtimoli yuqori.

Avvalroq, Ronaldu terma jamoa yig‘inini muddatidan oldin tark etgan edi. Uning ta’kidlashicha, bunga bosh murabbiy Jorje Jezush unga bergan va’dalarini ikki marta bajarmagani sabab bo‘lgan.

Hujumchi Millatlar ligasining yangi mavsumida Uelsga qarshi o‘yinda (1:0) maydonga tushgan, ammo Norvegiyaga qarshi bahsda (2:1) zaxirada qoldirilgan. Ronalduning aytishicha, dastlab u mazkur uchrashuvda o‘ynashi rejalashtirilmagan, biroq murabbiy undan 30 daqiqa maydonda harakat qilishga tayyor turishni so‘ragan. Biroq yakunda unga umuman o‘yin amaliyoti berilmagan.

Ma’lumot uchun, 41 yoshli Ronaldu besh karra Chempionlar ligasi g‘olibi, Yevropa chempioni va Millatlar ligasining ikki karra g‘olibi hisoblanadi. U terma jamoalar, Yevropa chempionatlari, Chempionlar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionati tarixidagi gollar bo‘yicha qator rekordlarga ega.

Portugaliyalik futbolchi 2022 yil dekabridan buyon Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubida to‘p surmoqda. U faoliyati davomida 980 ta gol urgan. Ularning 834 tasi klublar, 146 tasi esa Portugaliya terma jamoasi safida kiritilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing