O‘lik holda topilgan aktyorning sevgilisi shubhali ko‘rsatma berdi
Olam
−
19:59 1108 3 daqiqa
Turk kino va teatrining taniqli vakillaridan biri, mashhur aktyor Serhat Mustafo Qilich joriy yilning 5 sentyabr kuni Istanbuldagi uyida o‘lik holda topilgan edi. Uning sevgilisi O‘zlem Esmergul prokuraturaga bergan ko‘rsatmasida politsiyadagi bayonotidan farqli ma’lumotlarni aytib, Qilich giyohvand moddalar va alkogol iste’mol qilganini tan oldi. Bu haqda “Haberler“ xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zlem Esmergul politsiyadagi ko‘rsatmasida Qilichda giyohvand moddalar va alkogolga qaramlik bo‘lmaganini bildirgan. Biroq prokuraturaga bergan ko‘rsatmasida u aktyor giyohvand moddalar va alkogol iste’mol qilganini aytgan.
“Uni taniganimdan beri giyohvand moddalar va alkogol iste’mol qilganini bilaman. Bilishimcha, so‘nggi 6 oy davomida u kokain ham iste’mol qilgan. Uning dushmanlari yo‘q edi“, degan Esmergul.
U prokurorga bergan ko‘rsatmasida Qilichni 8 yildan beri bilishini, u bilan oxirgi marta joriy yilning 3 sentyabr kuni, ya’ni voqeadan ikki kun oldin telefon orqali gaplashganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aktyor sog‘lig‘i sabab suratga olish maydoniga bora olmagani uchun ishtirok etayotgan serialida ishlashdan chetlatilgan.
Esmergulning aytishicha, Qilich sog‘lig‘i juda yomon ahvolda ekanini ham bildirgan. U sog‘lig‘i sabab suratga olishda qatnasha olmagani uchun Esmergul va suratga olish maydonidagi do‘stlari bilan janjallashgan. Keyinchalik Qilich qo‘ng‘iroqlarga javob bermay qo‘ygan. Biroq Esmergul aktyor fe’l-atvoriga ko‘ra, ranjigan odamlari bilan ba’zan 5-6 kun gaplashmasligini aytib, dastlab bundan shubhalanmaganini bildirgan.
Esmergulning so‘zlariga ko‘ra, u joriy yilning 7 sentyabr kuni Qilichning oldiga borib, biror narsaga muhtoj yoki muhtoj emasligini tekshirmoqchi bo‘lgan. Biroq birdan ichiga shubha tushib, uning uyiga borishga qaror qilgan.
U xonadonga o‘zida bo‘lgan zaxira kalit yordamida kirganini, polda singan tarelka bo‘laklari sochilib yotganini, uy ichkarisi juda sovuq va konditsioner yoqilganini aytgan. Qilichga qo‘l tekkizganida uning tanasi qotib qolganini sezgan va uning vafot etganiga ishonch hosil qilgach, politsiyaga xabar bergan.
Shuningdek, O‘zlem Esmergul Qilich so‘nggi vaqtlarda Istanbulning Shishli tumanidagi xususiy shifoxonada bo‘yin umurtqasi churrasi sabab davolanganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, aktyor aynan shu kasalligi tufayli ishga bora olmagan va bo‘yin bog‘ich taqib yurgan.
Tergov doirasida Istanbul politsiya boshqarmasining hodisa joyini ko‘zdan kechirish bo‘limi xodimlari tomonidan tayyorlangan bayonnoma ham ma’lum bo‘lgan.
Bayonnomada Qilichning xonadoni joylashgan majmua kirish qismida qo‘riqchi va kuzatuv kameralari bo‘lgani, kirish-chiqish nazorat qilinishi qayd etilgan. Bino kirish qismida yo‘lakni tasvirga oladigan kuzatuv kamerasi ham bo‘lgan. Xonadonning temir kirish eshigida buzib kirilganlik izlari aniqlanmagan. Eshikda kalit bo‘lmagan. Yo‘lak va mehmonxonaga kirish qismida esa rangi va naqshi bir xil bo‘lgan tarelka bo‘laklari topilgan.
Mehmonxonadagi yog‘och jurnal stolida turgan metall quti ichidan giyohvand modda deb taxmin qilinayotgan yashil o‘simliksimon modda topilgan. Shuningdek, paket ichidan sigaret o‘rash uchun ishlatiladigan qog‘oz aniqlangan. Kitob javoni oldida turgan matoli chemodan ichidan ham qora qisqichli paketda giyohvand modda deb taxmin qilinayotgan yashil o‘simliksimon modda topilgan.
Bundan tashqari, chemodandan 200 turk lirasidan iborat 3 dona banknota topilgan. Ular naycha shaklida o‘ralgan bo‘lib, bayonnomada giyohvand moddalarni iste’mol qilishda foydalanilgan bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan. Serhat Qilichning o‘limi yuzasidan tergov davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning mashhur teatr aktyori O‘kan Karajan Istanbulning Shishli tumanidagi tadbir vaqtida stol ustida turgan noutbukni o‘g‘irlaganlikda gumon qilinayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi