O‘lganimda ham mamlakatni bermayman – Lukashenko xalqqa murojaat yo‘lladi

Olam

image

Bugun, 16 avgust kuni Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Minskda Hukumat uyi oldida tarafdorlari oldida xalqqa murojaat yo‘lladi.

Lukashenko ko‘cha aksiyalari tarafdori emasligini, ammo hozir odamlarni yordamga chaqirishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi.

U muxolifatni shifokor va jurnalistlarga teginmaslikka chaqiri.

“Biror nima bo‘lsa, javob berasizlar. Tinch va rivojlanayotgan mamlakatni sharmanda qilmang”, dedi Lukashenko.

Belarus yetakchisi yo‘lidan adashganlarga murojaat qilib shunday dedi:

“Nima xohlaysizlar? Erkinlikmi? Qanday? O‘zgarish xohlaysizmi? Qanaqa? Islohot? Ayting, ertaga boshlaymiz. Vertolyotda pulmi? Ammo bilasizku vertolyotdan pul tushmaydi, pulni maydonlarda emas, zavod va fabrikalarda ishlab topish kerak”.

Lukashenko saylovlarni qaytadan o‘tkazish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Davlat rahbari qayta saylov o‘tkazishga rozi bo‘lsa, Belarus halok bo‘ladi deb hisoblayapti.

“NATO rahbarlari bizni qayta saylov o‘tkazishga chaqiryapti. Agar biz ularning aytganiga uchsak, davlat sifatida o‘lamiz”, dedi Lukashenko.

U prezidentlik saylovlari soxtalashtirilgani haqidagi fikrga qo‘shilmayapti. Xususan, shunday dedi:

“80 foizdan yuqori natija bilan saylov natijasini soxtalashtirib bo‘lmaydi. Men bu yerda Xudo qarshisida turgandek turibman. Saylovlar o‘tkazildi”.

U hokimiyatga tirmashmayotganini ham aytib o‘tdi. Ammo ketsa nima bo‘lishi mumkinligini bilmasligini qo‘shib o‘tdi.

“Chorak asrda men o‘zimning yoshligimni va eng yaxshi yillarimni siz va Vatanimizga xizmat qilish bilan o‘tkazdim. Ular [muxolifat] menga “Ket!” deb baqiryapti. Muammo emas! Muammo emas! Prezidentlar keladi ketadi. Keyinchi? Ertaga bu yerda kimni kutamiz? Kimni boqamiz?

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u mamlakatni o‘lsa ham bermaydi.

“Biz siz bilan barcha qiyinchilik va kamchiliklarga qaramay chiroyli mamlakat qurdik. Sizlar uni kimga berishga qaror qildingiz? Agar kimdir mamlakatni bermoqchi bo‘lsa, hatto o‘lgan bo‘lsam ham bunga ruxsat bermayman”, dedi Lukashenko.

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, xalq birinchi Prezidentini “qurbon” qilsa, bu intixoning boshlanishi bo‘ladi.

“Siz umrbodga Ukrainadek, boshqa davlatlardek bo‘lasiz, tiz cho‘kib, noma’lum kimsaga iltijo qilasiz”, deya xalqqa yuzlandi u.

Shuningdek, u qattiq siyosat olib borganini tan oldi. Ammo odamlar undan mamlakatda tartib o‘rnatishni so‘raganini ham eslatib qo‘ydi.

“Ha, mening siyosatim kimgadir yoqmagandir. Biroq biz bu hukumatni tasdiqladik, Konstitutsiya qabul qildik. Siz tartib o‘rnatishni so‘ragandingiz, men o‘rnatdim. Sizlar oligarxlarsiz degandingiz. Qani ular? Siz mendan Minsk ko‘chalarini bezorilardan tozalashni so‘radingiz? Men buni bajardim”, dedi Prezident tarafdorlari oldida.

Lukashenko tarafdorlari qarshisida tiz cho‘kishini, ular bunga loyiq ekanini ta’kidladi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb davlatlari mamlakat chegarasida harbiy qudratini oshiryapti.

Lukashenko o‘z boshqaruvi davrida belaruslar mustaqil suveren davlat qurganini, ajdodlari aynan shuni orzu qilganini qo‘shimcha qildi.

“Sizlar mendan, butunlay tajribasiz yosh odamdan xalqni jarlikdan olib chiqishimni so‘radingiz. Biz buni bajardik, biz millionlab ajdodlarimiz orzusi bo‘lgan ishni uddaladik”, dedi Lukashenko.

Davlat rahbari so‘zi so‘ngida yana tashqi tahdid haqida gapirib o‘tdi, ammo xavf tug‘dirayotganlar kimligi yana mavhum va noaniq bo‘lib qoldi. Ta’kidlanishicha, tashqi kuchlar mamlakat chegarasini o‘zgartirishga urinyapti.

“Bunday bo‘lmaydi. Biz Brest qal’asi bo‘lamiz. Mamlakatni bermaymiz”, dedi Lukashenko.

Eslatib o‘tamiz, Belarusda 9 avgust kuni prezidentlik saylovi o‘tkazildi. Unda mamlakatni 26 yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko 80,1 foiz ovoz yig‘ib, g‘alaba qozondi.

Ammo 9 avgustdayoq mamlakat bo‘ylab norozilik aksiyalari boshlandi va hamon davom etyapti. 

Lukashenko bu orada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot qilib, zarur vaziyatda uning yordamiga suyanishi mumkinligini aniqlashtirib oldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Aleksandr Lukashenko

Baholaganlar

620

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing