O‘lgani xabar qilingan o‘zbekistonlik vayronalar ostidan tirik chiqdi
Jamiyat
−
13 fevral 2023
20418Turkiyadagi zilzilada vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan o‘zbekistonlik ayol vayronalar ostidan omon chiqdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kuni-kecha ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxslar tomonidan O‘zbekiston fuqarosi – 1975 yilda tug‘ilgan va Namangan viloyatida doimiy yashab kelgan Shoxista Niyozova zilzila oqibatida qulagan bino ichida vafot etganligi to‘g‘risida xabar tarqatilgan.
Mazkur xabar asosida Bosh konsulxona ushbu vatandoshni qidirib topishga muvaffaq bo‘lgan.
“Vatandoshimiz tirik. Konsulxona tomonidan Shoxista Niyozova shifoxonaga olib borilib, ko‘rikdan o‘tkazildi. Unga zaruriy tibbiy muolaja ko‘rsatildi, hozirda uning sog‘lig‘i qoniqarli axvolda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ayni vaqtda fuqaro Niyozovani O‘zbekistonga yuborish choralari ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqida (mahalliy vaqt bilan 04:17 da – 7,7 ball va 13:24 da – 7,6 ball) magnitudasi yetti balldan ortiq bo‘lgan ikkita zilzila sodir bo‘ldi. Vayronkor zilzila qo‘shni davlatlar, jumladan, Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Kipr Respublikasi va Iroqda ham sezildi.
Shundan so‘ng, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyada tabiiy ofat qurbonlari munosabati bilan yetti kunlik motam e’lon qildi. Turkiya davlat bayroqlari butun mamlakat bo‘ylab yarimga tushirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila oqibatlarini bartaraf etishda faol ishtirok etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan dastlab 100 kishilik qidiruv-qutqaruv guruhi, joriy yilning 9 fevral kuni 71 kishilik ikkinchi guruh Turkiyaga yuborildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston joriy yining 6 fevral kuni kuchli zilziladan aziyat chekkan Turkiyaga insonparvarlik yordami jo‘natgan edi.
LiveBarchasi