O‘ldirilgan Larijoniyga darhol o‘rinbosar topildi – Aroqchi
Olam
−
19:44 3140 2 daqiqa
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Milliy xavfsizlik oliy kengashining o‘ldirilgan kotibi Ali Larijoniyga “zudlik bilan o‘rinbosar topilganini” ma’lum qildi. Bu haqda u “Al Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning aytishicha, Eronning siyosiy tizimi barqaror va alohida shaxslarga bog‘liq emas.
“Amerikaliklar va isroilliklar nega haligacha bu jihatni tushunishmayotganini bilmayman: Eron Islom Respublikasi shakllangan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy institutlarga ega kuchli siyosiy tuzilmaga ega”, deydi Abbos Aroqchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir insonning borligi yoki yo‘qligi bu tuzilmaga ta’sir qilmaydi. U mamlakatning marhum oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilganiga qaramay, tizim o‘z mavjudligini davom ettirganini qayd etgan.
Abbos Aroqchi, shuningdek, Tehron vositachilarning urushni to‘xtatish bo‘yicha takliflarini tinglashga tayyorligini qo‘shimcha qilgan.
“Agar urushni to‘xtatish bo‘yicha bizning shartlarimizga mos keladigan taklif bo‘lsa... va Eron ko‘rgan zarar qoplansa, biz uni albatta tinglaymiz. Biz o‘t ochishni to‘xtatishga (vaqtinchalik sulhga) ishonmaymiz. Biz urushning tugashiga ishonamiz. Urushning tugashi esa aynan shuni – barcha frontlarda urushning to‘xtashini anglatadi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil zarbasi oqibatida Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy halok bo‘lgandi. U bilan birga o‘g‘li – Murtazo va qo‘riqlash xizmati boshlig‘i Alirizo Bayat ham o‘ldirilgan. Tehron bunga javoban Isroilga qarshi yangi hujumlar to‘lqinini e’lon qildi.