“Ularni qullikka emas, o‘zini hurmat qilishga o‘rgatamiz”. Turdimov oqsochlar tayyorlash masalasida fikridan qaytmaganini aytdi

Jamiyat

Trendda oqsochlar masalasi. Odamlar tan olishni istasa ham, istamasa ham o‘zbek ayollari mardikorchilikka chiqa boshlaganiga ancha bo‘lgan. Balki bugun tan olmasmiz, yashirarmiz, ko‘rmagandek o‘tarmiz. Ammo ularning muammolarini hal etish, huquqi poymol bo‘lishining oldini olish, ishchi sinfining bu qatlami faoliyatini ham qonuniy tashkil etish asoslarini yaratish davlatning gardanida. 

O‘tgan hafta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ko‘plab ayollar kundalik va oylik uy xizmatlarini bajarish uchun yollanayotgani, hatto, xorijga ketib, uy xizmatchisi bo‘lib ishlayotgani, biroq ularning huquqlari ta’minlanmagani, ko‘plari esa bu kasbning nozik jihatlaridan bexabar bo‘lib, natijada aldanib qolayotgani bois oqsochlikka o‘qitish markazini tashkil etish taklifini bildirgan edi. Biroq, hokim Turdimovning aytganlari ijtimoiy tarmoqlar va ayrim ommaviy axborot vositalarida noto‘g‘ri talqin qilindi. Masala oqsochlar tayyorlash markaziga ehtiyoj tug‘dirayotgan omillarsiz yoritildi. Bugun, 13 oktyabr kuni Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda hokim yana o‘sha shov-shuvlarga sabab bo‘lgan masalaga to‘xtaldi va hamon o‘z fikrida sobitligini qayd etdi. 

"Odamlar bilan muloqot qilayotganda, xalqimiz qanday yashayotganini ko‘ryapmiz, bilyapmiz. Bugun jamiyat jadallik bilan rivojlanyapti. Xohlaysizmi yo yo‘q, boy va kambag‘allar tabaqalashuvi yuzaga keladi", deb gap boshladi Turdimov. 

Uning ta’kidlashicha, ayni vaqtda mamlakatda oqsochlarga talab ortib bormoqda. Qolaversa, minglab o‘zbekistonlik ayollar xorijda enaga, oqsoch bo‘lib ishlamoqda. Biroq, ularning huquqlari kafolatlanmagan. Hatto, o‘zi ishlab topgan pulini ololmayotganlar ham talaygina. 

"Ko‘pchilik ishlab pul topganidan so‘ng, oilasi bolalariga vaqt ajratolmaydi. Uyda ish qilish, farzandlariga qarash uchun esa yaxshi insonlarni qidiradi. Hozirgi kunda bunday odamlarni topish ham muammo bo‘lib qoldi. E’tibor bersak, bu sohaga katta ehtiyoj tug‘ildi va noqonuniy bozor paydo bo‘la boshladi. Bizni taklifimiz, noqonuniy bozorga qonuniy tus berish, eng asosiyci, ish beruvchi va ishlovchining huquqlarini qonunan himoya qilish edi. Ijtimoiy tarmoqlarda “oqsoch”degan so‘z ko‘pchilikka yoqmadi. Lekin men tabiiy o‘zbekona so‘zni ishlatdim. Agar zamonaviy qilib uy xizmatkori, enaga deganimda, balki bunchalar gap-so‘z bo‘lmasdi. 

Biz bu kurslarni ochmaydigan bo‘lsak, hozir ishlayotgan odamlarimiz juda ko‘p qiyinchilikka duchor bo‘ladi. Bu esa katta muammolarni olib keladi.

Birinchidan, ish beruvchi uning uyida ishlayotganlar xuddi o‘zidek halol, pokiza, yaxshi inson bo‘lishini istaydi. Agar yaxshi ishlasa qo‘shimcha haq ham to‘laydi. Chunki ish berayotgan xonadan egasi, o‘zining eng katta boyligi - farzandini, uning tarbiyasini, xonadonida ishlayotgan uy xizmatkoriga topshiradi.

Ikkinchidan, o‘z sog‘ligini ham topshiradi. U pishirgan taomni hamma, ish beruvchining bolalari ham iste’mol qiladi.

Uchinchidan, turish-turmushi, atrof-muhiti, madaniyatini kelayotgan xizmatkor shakllantiradi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Agar yuqorida aytganlarimiz yaxshi bajarilmasa, bu kayfiyatimizga ham ta’sir qiladi", deydi Turdimov.

Hokim oqsoch so‘zi badiiy adabiyotda ham uchrashi, boy-badavlat odamlarning uyiga xizmatkorlar ishlagani va bu ayb bo‘lmaganini qo‘shimcha qilarkan, Hadisda ham uyga oila bo‘lgan - ayol va erkak xizmatchilarni ishga olishga ruxsat berilganini eslatdi. 

Turdimov so‘zida davom etib, "yuqoridagilar bo‘yicha bilimga ega bo‘lganlarga ko‘proq talab bo‘ladimi yoki o‘qimagangami?", deya brifing ishtirokchilariga yuzlandi. 

"Albatta o‘qigan tayyorlangan va chaqqon bo‘lsa, ularga talab ortadi. Agar Samarqand shahri misolida olsak, bu insonlarni qayerdan topish mumkin? Hech qayerdan topib bo‘lmaydi. Bu sohada ishlaydigan ma’lum insonlar bor, faqat ular shu kabi uy ishlarini qiladi. Lekin bir kun kelib ular orasidan o‘g‘ri aniqlansa, balki nopok bo‘lsa, jinoyat ishlari bo‘lib, janjallar yuzaga keladi. Aynan shu kabi holatlar bo‘yicha ham sudda ko‘p ishlar ko‘rilyapti.

Ish qidiruvchiga kelsak, ular qayerga borishni bilmaydi. Hamma ham OTMga kirolmaydi. Hammani ham ish bilan ta’minlash mumkin emas. Bu sohani ham kimdir egallashi shart, majburmiz. Bu sohani noto‘g‘ri talqin qilmaslik kerak. Meni eshitayotganlar mardikor bozorga borib ko‘rsin. U yerda ishlaydiganlarni uyiga borib, uy egalari bilan gaplashsin. Ularning yashash sharoitini o‘rganish uchun uyida bir kun yashasin. Bu kabi holatlar bugunning asorati emas, uzoq o‘tmishning asorati. 

Ijtimoiy tadbirkorlik yo‘lga qo‘yilsa, mobil ilovalar qilinib, hamma sharoitlar qilinsa, hammasi qonuniylashtirilib ishlansa, yaxshi bo‘lmaydimi?

Nafaqat bizda, balki chet elga ketganlarning nima ish bilan shug‘ullanayotgani haqida hech kimda hisob-kitob yo‘q. Masalan Samarqand hokimi sifatida menda hisob-kitoblar yo‘q. Qurilishga yoki boshqa ishga rasmiy tartibda ishga ketganlar haqida ma’lumotlar bor, lekin norasmiy ketganlari, yashirinib ketganlarining hisob-kitobi yo‘q. Chunki bu yo‘nalishning o‘zi yo‘q. Agar yo‘nalish yo‘lga qo‘yilsa, hamma ish nazoratda bo‘ladi. Ularning huquqlari poymol bo‘lmaydi. O‘quv kurslari orqali, qullikka emas, ularni o‘zini hurmat qilishga o‘rgatamiz.  Borayotgan joyida tili burro bo‘ladi. Qayerga murojaat qilishni, kimga dardini aytishni biladi. Lekin biz hech narsani bilmasada jo‘natib yuribmiz. Ular o‘z huquqlarini bilmaydi, til bilmaydi. Aslida esa bunday sohaga o‘qitish hamma davlatlarda bor", deydi Samarqand viloyati hokimi. 

Ayni vaqtda QALAMPIR.UZ Samarqandda bo‘lib turibdi. Tez orada viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan dolzarb mavzulardagi videointervyuni taqdim etamiz.


Maqola muallifi

Teglar

Erkinjon Turdimov oqsoch

Baholaganlar

99

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing