Ularga bergan oshimiz, kiydirgan to‘nlarimiz zoye – Safoyev QALAMPIR.UZ ko‘targan muammo haqida
Jamiyat
−
24 avgust 2019
10782“Investorga nima kerak? Bir mamlakat hududiga joylashib, faoliyatini xavfsiz va kafolat bilan qurish, mahsuloti yoki xizmatini bir necha yillar davomida to‘siqlarga uchramay sotish. Buning uchun esa o‘sha mamlakat “kelinglar” deb bag‘rini ochishi bilan birga, huquqiy kafolat berishi, qonunlarini ham butun dunyoga to‘g‘ri keladigan qilib qo‘yishi kerak. Bu borada O‘zbekistonda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar anchagina”. Bu QALAMPIR.UZ’da 2018 yilning oktyabr oyida e’lon qilingan maqoladan iqtibos. Dunyoning ko‘plab mamlakatlari investitsion muhitni yaratish maqsadida ishni avvalo qonunlarni jahon tajribasiga moslashtirish, investorlarga sharoit yaratish, har qanday sharoitda ularning daromad topishlari yoki sarflagan pullarini o‘sha mamlakatdan emin-erkin olib chiqib ketishlariga qonunan kafolat berishdan boshlagan. Shu bois AQSH, Germaniya, Singapur, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlardan investorlar oyog‘i arimaydi.
Kecha, 23 avgust kuni o‘z ishini boshlagan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 21-yalpi majlisida Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev investorlarga huquqiy kafolat berish va buning uchun qonun qabul qilish kerakligi haqida gapirdi.
“Hududlarda investitsiyaviy faoliyatni yaxshilash borasida jiddiy kamchilik va muammolar mavjud. Sarmoyadorlarga birinchi navbatda qonuniy kafolat kerak. Biz ularga bergan oshimiz, kiydirgan to‘nlarimiz zoye, ularga bu narsa kerak emas. Ularga aniq qonun va imkoniyatlar kerak. Biz shuni tushunishimiz kerak”, deydi Safoyev.
Senat raisining birinchi o‘rinbosari so‘zida davom etarkan, investorlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarda ular mamlakatdagi qonunchilikdan norozi bo‘layotgani, ayrim qonunosti hujjatlar bir-biriga zid ekanini qayd etdi. Safoyevning fikricha, O‘zbekistonda qonun hujjatlarini aqlli tartibga solish tizimi ishlamayapti. U mazkur masalada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimovga yuzlangan:
“Xorijiy investorlar va mahalliy tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida qonun hujjatlari barqaror emasligi, bir-biriga zid bo‘layotgan normalar mavjudligi ularning faoliyatiga salbiy ta’sir o‘tkazayotganligi ta’kidlanmoqda. Shu o‘rinda men Vazirlar Mahkamasiga murojaat qilmoqchimanki, nima uchun bizda hali ham qonun ijodkorligini aqlli tartibga solish modeli ishlamayapti? Barcha davlatlarda, shu jumladan qo‘shni mamlakatlarda bu zamonaviy usul, ya’ni majburiy baholash tizimi ishlamoqda. Biz hali buni to‘laqonli ishga sololganimiz yo‘q va bu menimcha, bizning qonun ijodkorligimiz va qonunni hayotga tadbiq etish tizimimizga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqdi”.
O‘zbekistonda Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qarorlarida keltirilgan ayrim bandlar, shuningdek, Prezidentning yangi qonunlar ishlab chiqish, investitsion muhitni tartibga solish va rivojlantirish borasida topshiriqlar bajarilmayapti. Safoyevning fikricha, muddati belgilanganu ammo aytilgan vaqtdan bir necha oy o‘tib ketsa ham topshirilmagan qonun loyihalari mavjud.
“Mamlakatimizda investitsiyaviy faoliyatni tartibga soluvchi qonunlarni takomillashtirish sohasida davlat rahbarining qator topshiriqlari shu jumladan investitsiya va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun loyihasi haqidagi topshiriqlari bajarilmayapti.
Bir nechta konsepsiya va qonun loyihalarini ishlab chiqishning ko‘rsatilgan muddatlari bir necha oy o‘tib ketdi. Ular hali-hanuz bajarilmayapti”.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov QALAMPIR.UZ`ga investorlar O‘zbekistondan qonuniy kafolat talab qilayotgani, shu bois qonun ishlab chiqilib, ekspertiza uchun xalqaro tashkilotlarga taqdim etilgani haqida gapirgan edi. Jumladan Qo‘chqorov shunday degan:
“Men Turkiyadan katta shirkatni vodiyga avtomobil yo‘li qurish bo‘yicha taklif qildim. Ular kelib geologik jihatdan o‘rganishlar o‘tkazdi. Keyin huquqiy jihatdan savollar kelib chiqdi. Bizda esa bilim yetarli bo‘lmadi. Oradan vaqt o‘tib qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Qonun loyihasini ishlab chiqib, xalqaro moliyaviy tashkilotlarga bersak, “bu bo‘lmaydi”, degan javobni oldik. Keyin Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bu qonun loyihasini oldi, o‘zlari xalqaro yuristlarni yolladi va qonunni ularga berdi. Hozir ular qonunni ekspertiza qilish ishlarini tugatdi, takliflarini berdi. Nasib etsa shu yil oxirigacha ushbu qonun qabul qilinadi.
Bu qonunni xalqaro tashkilotlarga topshirimizning sababi, bilasiz, davlat-xususiy sherikchilik asosida investitsiya kirituvchi asosan chet ellik bo‘ladi. Tabiiyki, qonun avvalo ularning talabiga javob berishi kerak”.
LiveBarchasi