O‘zbekiston va qozog‘istonlik investorlar ishtirokidagi mojaro 7 yil deganda hal bo‘ldi
Jamiyat
−
12 dekabr 2020
7426O‘zbekiston va da’vogarlar 2013 yildan buyon Investitsiya nizolarini hal etish xalqaro markazida davom etayotgan xalqaro arbitrajni tugatishga kelishib oldi (Vladislav Kim and others v. Republic of Uzbekistan, ARB/13/6-sonli ish). Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarb bermoqda.
Qayd etilishicha, 2013 yilda Qozog‘istonning o‘n ikki fuqarosi davlat organlarining “Bekobodsement” AJ va “Quvasoysement” AJga nisbatan qilgan harakatlari munosabati bilan ICSID’ga arbitraj da’vosini kiritgan. Da’vogarlar o‘sha paytda mazkur jamiyatlarning aksariyat ulushining egalari bo‘lgan.
Da’vogarlar davlat organlarining harakatlari 1997 yil 2 iyundagi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi “Investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida”gi Bitimni buzganini ta’kidlagan. O‘zbekiston tomoni da’vogarlarning barcha ayblovlarini rad etib, Investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risidagi Bitimning buzilishi holatlari mavjud emasligini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston nizoni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdorli ekanini ta’kidlagan.
Olib borilgan muzokaralar natijasida tomonlar o‘zaro manfaatli shartlar asosida ICSID arbitrajini tugatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ushbu kelishuv doirasida O‘zbekiston tomoni “Bekobodsement” AJning 51 foiz aksiyalarini mazkur jamiyatning aksiyadoriga qaytardi.
2020 yilning oktyabriga kelib tomonlar kelishuv bitimida nazarda tutilgan barcha shartlarni bajardi. Shundan so‘ng, 2020 yilning 9 dekabrida ICSID Tribunali arbitraj muhokamasini qayta murojaat qilish huquqisiz tugatish haqida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi