Hukumat xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qaror loyihasini taqdim etdi
Jamiyat
−
27 fevral 2019
6315O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Mazkur qaror bilan O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashish, uning tizimli faoliyatini yo‘lga qo‘yish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi maslahat kengashi tashkil etiladi.
Maslahat kengashi Assotsiatsiya hamda xorijiy mamlakatlarga ta’lim olish va mehnat qilish uchun chiqib ketgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan ishlovchi idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ sifatida belgilanmoqda.
Qarorga muvofiq:
Maslahat kengashi to‘g‘risidagi Nizom;
Maslahat kengashining tarkibi;
O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlanadi.
Maslahat kengashi (Q.Quronboyev)ga bir oy muddat ichida:
Maslahat kengashi faoliyatini Nizom talablari asosida yo‘lga qo‘yish;
O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar Dasturining o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini tashkil etish vazifalari yuklanadi.
Assotsiatsiya raisini mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish, tibbiy va transport xizmat ko‘rsatish shart-sharoitlari bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
Assotsiatsiyadagi shtat birliklari sonini qayta ko‘rib chiqish, oylik maoshlari hajmini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi xodimlari bilan tenglashtirish va ularga yaratilgan barcha imtiyozlardan foydalanish huquqini beriladi.
Tashqi ishlar vazirligi (A.Komilov), O‘zbekiston yoshlar ittifoqi (A.Sa’dullayev), Adliya vazirligi (R.Davletov), Assotsiatsiya bilan birgalikda bir oy muddatda alohida davlatlar kesimida Assotsiatsiyaning vakolatxonalarini tashkil etish, xorijiy davlatlarning vakolatli organlaridan ro‘yxatdan o‘tkazish hamda vakillarini tayinlash, ular bilan shartnomalar tuzish masalalari bo‘yicha taklif ishlab chiqishi kerak.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Sodiqov), O‘zbekiston yoshlar ittifoqi (A.Sa’dullayev), Assotsiatsiya va manfaatdor vazirlik, idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Assotsiatsiya qoshida xorijdagi o‘zbekistonlik yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda duch kelgan muammolari bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish maqsadida kunu-tun xizmat ko‘rsatuvchi bepul “ishonch telefoni” va veb-portal faoliyatini yo‘lga qo‘yadilar.
Moliya vazirligi (J.Ko‘chqorov) Adliya vazirligi (R.Davletov), Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (B.Xodjayev), O‘zbekiston yoshlar ittifoqi (S.Maqsudov) bilan birgalikda ikki oy muddatda Assotsiatsiya qoshida xorijdagi yordamga muhtoj o‘zbekistonlik yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining byudjetdan tashqari mablag‘lari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik va xayriya mablag‘lari, mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladigan alohida fond tashkil etishlari lozim.
Toshkent shahar hokimligi (J.Ortiqxo‘jayev), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (N.Jo‘rayev), Tashqi ishlar vazirligi (A.Komilov), O‘zbekiston yoshlar ittifoqi (A.Sa’dullayev) va boshqa manfaatdor vazirlik, idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Assotsiatsiyaning Toshkent shahridagi markaziy apparatini hamda xorijiy mamlakatlardagi vakillari va vakolatxonalarini bino-inshootlar bilan ta’minlash bo‘yicha taklif kiritishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (R.Davletov) manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
LiveBarchasi