Ukrainaning yangi qanotli raketasi Rossiyani xavotirga soladimi?
Olam
−
27 avgust 10205 2 daqiqa
Ukraina FP-5 Flamingo nomli uzoq masofali qanotli raketani namoyish qildi. Bu Ukraina-Rossiya urushiga sezilarli ta’sir qilishi mumkinligi aytilmoqda. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Uning ishlab chiqaruvchisi – Ukraina mudofaa startapi bo‘lmish Fire Point ma’lumotlariga ko‘ra, FP-5 Flamingo raketasi 3000 km masofani bosib o‘tishga qodir va 1150 kg yukni ko‘tara oladi. Ushbu firma kuniga bitta raketa ishlab chiqaradi. Ammo joriy yilning oktyabrigacha bu ko‘rsatkich kuniga 7 raketa ishlab chiqarishga oshirilishi mumkin. Bu har oyda 200 dan ortiq yoki yiliga 2500 dan ortiq raketaga to‘gri keladi.
“Raketa sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu hozirda bizning eng muvaffaqiyatli raketamiz. Dekabrga borib, bizda ularning soni ko‘payadi va keyingi yil fevralgacha ommaviy ishlab chiqarish boshlanishi kerak”, dedi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy.
Norvegiyadagi Oslo universitetining ilmiy xodimi va raketa eksperti Fabian Hoffman Flamingo’ning portlash xususiyati va kuchi hozirgi paytda Ukraina foydalanadigan dron va qanotli raketalardan ko‘ra samaraliroq ekanini ta’kidladi.
“Agar har oy 30-50 tadan shunday raketalar ishlab chiqarilsa, bu Ukrainaga urush maydonida ustunlik beradi”, degan u.
Flamingo’ning namoyishi AQSH Prezidenti Donald Tramp rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putinni tinchlik muzokaralariga qo‘shilishga urinayotgan bir paytda, Pentagon Kiyevga AQSH tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofali raketalarni Rossiya ichidagi nishonlarni urish uchun qo‘llashga to‘sqinlik qilgani haqidagi xabarlar fonida bo‘lib o‘tdi.
“Vashington Ukrainani Rossiyadagi nishonlarga qarshi armiya taktik raketa tizimlarini (ATASMS) joylashtirishni bir necha oy davomida to‘xtatdi”, deb yozadi “The Wall Street Journal”.
Ertasi kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida, Zelenskiy Ukraina Vashington yordamisiz ham Rossiya hududiga zarba bera olishini aytgan.
“Bugungi kunga kelib, biz o‘zimizda ishlab chiqarilgan uzoq masofaga uchuvchi qurollarimizdan foydalanmoqdamiz. Rostini aytsam, oxirgi paytlarda biz AQSH bilan bunday masalalarni muhokama qilmayapmiz”, degan Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy Kiyevda Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida Ukraina Rossiya hududiga faqat o‘zining uzoq masofali qurollari bilan zarba berishi va buning uchun AQSH ruxsati kerak emasligini aytgandi.
Malikabonu Muhammedova
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr