Ukrainaning yangi “Do‘zax” raketasi Qurolli kuchlarga topshirildi (video)
Olam
−
06 dekabr
10589Ukraina hukumati mahalliy ishlab chiqarilgan yangi “Peklo” (Do‘zax) raketa-dronini jangovar sharoitda qo‘llash uchun Qurolli kuchlarga topshirdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu raketa 700 kilometrdan oshiq masofadagi nishonlarni yo‘q qilish qobiliyatiga ega. Birinchi partiya allaqachon mamlakat Qurolli kuchlariga yetkazib berilgan.
“Ukrainada ishlab chiqarilgan va jangovar qo‘llanishi tasdiqlangan qurol. Bugun biz mudofaa kuchlarimizga birinchi partiyani topshirdik”, dedi Ukrainaning Strategik tarmoqlar sanoati masalalari bo‘yicha vaziri German Smetanin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, raketa seriyali ishlab chiqarishga kiritilgan. Qurolli kuchlarga yetkazib berilgan birinchi partiyadan o‘nlab raketalar o‘rin olgan.
“Raketaning tezligi soatiga 700 km, uchish masofasi ham 700 kilometrgacha. Yangi jangovar kallaklar ishlab chiqilmoqda”, deydi Smetanin.
Boshqa texnik xususiyatlar ochiqlanmagan, biroq bu “o‘z sinfidagi birinchi yangi turdagi qurol” ekani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 21 noyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya o‘zining yangi o‘rta masofali “Oreshnik” raketasini Ukrainadagi ob’ektga qarata uchirganini ma’lum qilgan edi. U 28 noyabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti sammitida Rossiya Mudofaa vazirligi va armiya Bosh shtabi “Oreshnik” gipertovushli zarba tizimidan foydalangan holda Ukraina hududida yo‘q qilish uchun “maqsadlarni tanlayotgani”ni aytgandi.
LiveBarchasi