Ukrainaning ozodligi uchun doimo birdammiz – G7 davlatlari
Olam
−
15 iyun
54372024 yilgi G7 sammiti Italiyaning Apuliya viloyatidagi Borgo Egnatsia shahrida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining rasmiy sahifasida xabar berildi.
Unda EI tomonidan Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel va Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirok etdi. Keltirilishicha, ushbu sammit yettilik yetakchilari uchun qonun ustuvorligiga asoslangan xalqaro tartibni qo‘llab-quvvatlash va rivojlanayotgan davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qat’iyatni namoyish qilishda zo‘r imkoniyat bo‘ldi.
Oltita ishchi sessiyada ko‘rib chiqilgan asosiy masalalar Afrika, iqlim o‘zgarishi va rivojlanish, Yaqin Sharqda davom etayotgan vaziyat, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, migratsiya, Hind-Tinch okeani va iqtisodiy xavfsizlik, sun’iy intellekt, energiya, Afrika-O‘rta Yer dengizi singari masalalar bo‘ldi va sammit yakunida yetakchilar qo‘shma bayonotni imzoladi.
G7 yetakchilari sammitda Ukrainani so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi va Rossiyaning xalqaro huquqni ochiqdan ochiq buzayotganini qoralashlarini yana bir bor ta’kidladilar.
“Biz Ukrainaning ozodligi va uni qayta qurish uchun kurashini qo‘llab-quvvatlash uchun doimo birdammiz”, deyiladi sammitda.
Uchrashuvda Prezident Zelenskiy ishtirokida G7 yetakchilari Rossiya aktivlarining daromadlaridan foydalangan holda, taxminan 50 milliard dollar ajratishga qaror qilishdi.
G7, shuningdek, o‘zini himoya qilish uchun Ukrainaga ishlab chiqarish va yetkazib berish imkoniyatlarini oshirish, Rossiyani moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlayotgan Xitoy va uchinchi dunyo mamlakatlariga qarshi choralar ko‘rishni davom ettirish, Rossiyaning energiya va boshqa xomashyolardan tushadigan daromadlariga sezilarli bosim o‘tkazishni davom ettirish, Ukrainaning barqaror iqtisodiy tiklanishiga xususiy sektorni jalb qilish hamda Prezident Zelenskiyning tinchlik formulasidagi asosiy tamoyil va maqsadlarni xalqaro qo‘llab-quvvatlashga erishish bo‘yicha ishlarni davom ettirish singari masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, ushbu sammit 13-15 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bayden G7 sammitiga Rossiyaga qarshi sanksiya va Ukraina xavfsizligi bo‘yicha kelishuv bilan kelgani, Buyuk Britaniya sammitida Ukrainaga 300 million dollardan ortiq mablag‘ ajratishi haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi