Ukrainani qo‘llab-quvvatlash xayriya emas – Finlyandiya 

Olam

image

G‘arb davlatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlash xayriya emasligini tushunishi kerak. Bu haqda Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen bugun, 14 iyul kuni Britaniyaning “Financial Times” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

“Biz G‘arbda bu xayriya emasligini tushunishimiz kerak, chunki Ukraina biz uchun kurashmoqda. Ular bizning erkinligimiz va Yevropa xavfsizligi arxitekturasi uchun kurashmoqda”, deydi Valtonen.  

Finlyandiya vazirining so‘zlariga ko‘ra, G‘arb Ukraina mavzusidan charchamagan. 

“Men qandaydir charchoq bor deb aytmagan bo‘lardim va bu hech qachon bo‘lmaydi, deb umid qilaman”, degan Valtonen.

Vazirning ta’kidlashicha, agar NATO davlatlari Ukrainaga ittifoqqa qo‘shilish bo‘yicha aniqroq reja taqdim etgan taqdirda ham, Kiyev kutganidek, bu Ukraina tez orada a’zo bo‘lishiga 100% kafolat bo‘lmasdi. Valtonenning eslatishicha, ittifoqning o‘zaro mudofaa bo‘yicha nuqtasi – nima yuborish, qaysi hajmda, qanday sharoitda yordam ko‘rsatish har doim siyosiy qaror bo‘lib qoladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 iyul kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Twitter'dagi sahifasida NATO Vilnyusdagi sammitda Kiyevni alyansga taklif qilish muddati bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilmoqchi emasligidan noroziligini bildirgan, Ukraina hurmatga loyiq ekani, hamkorlarning “noaniqligi”ni esa zaiflik deb bilishini aytgandi. Shundan so‘ng, “The Washington Post” nashri NATO sammitida ishtirok etayotgan AQSH rasmiylari Zelenskiyning bayonotidan g‘azablanganini yozdi. Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles esa sammit arafasida bo‘lib o‘tgan NATO jamoat forumida G‘arb davlatlari tezlashtirilgan tartib ostida mamlakatni NATOga qabul qilishdan bosh tortish qarorlarini tanqid qilish o‘rniga, Ukrainadan harbiy texnika yetkazib bergani uchun minnatdorlik so‘zlarini eshitishni xohlashini aytdi. Sammit yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida esa Zelenskiy G‘arbga yana qanday qilib minnatdorlik bildirishi mumkinligini tushunmasligini va har kuni ertalab uyg‘onib, Ben Uollesga qo‘ng‘iroq qilib, unga minnatdorlik bildirishga tayyorligini aytdi. Buning ortidan Ukrainaning Londondagi elchisi Vadim Pristayko Zelenskiyning Ben Uolles so‘zlariga munosabatini “nosog‘lom kinoya” deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Ukraina Zelenskiy Finlyandiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing