Ukrainaga muzokaralarda yordam emas, yetarlicha qurol kerak – Zelenskiy
Olam
−
08 noyabr
3856Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar natija bermasligini aytdi. Bu haqda u kecha, 7 noyabr kuni Budapeshtda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban mezbonlik qilgan Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammiti ochilishida so‘z ochdi.
“Demak, bizga muzokaralarda yordam emas, yetarlicha qurol kerak”, dedi Zelenskiy.
AQSHning 47-prezidenti etib saylangan Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qilganini qayd etgan Zelenskiy “bu yoqimli va samarali suhbat bo‘lgani”, ammo Tramp qanday aniq qadamlar qo‘yishini hali bilmasligini aytdi.
Prezident Rossiya-Ukraina urushidagi keskinlik yanada kuchayganini qayd etdi:
“Ushbu taranglikning kuchayishiga aynan Rossiya sababchi bo‘ldi. Shimoliy Koreya hozir Yevropada mohiyatan urush olib bormoqda. Shimoliy Koreya askarlari Yevropa tuprog‘ida xalqimizni o‘ldirmoqchi”, deydi u.
Urushni adolatli tugatish uchun mamlakati tayyorlagan Tinchlik formulasi haqida gapirar ekan, Zelenskiy Rossiyani adolatli tinchlik sari unday oladigan ochiq diplomatik tizim yaratganliklarini ta’kidladi. U yadro va oziq-ovqat xavfsizligi, energetika, harbiy asirlar va deportatsiya qilinganlarni Ukrainaga qaytarish kabi masalalarni o‘z ichiga olgan ushbu formulaning ahamiyatini tushuntirdi.
Adolatli dunyoga erishish uchun har qanday konstruktiv g‘oyalarga ochiq ekanini bildirgan Ukraina Prezidenti shunday dedi:
“Ammo, bu urushni tugatish uchun kun tartibida nima bo‘lishi va nima bo‘lmasligi kerakligini Ukraina hal qilishi kerak. Tinchlik faqat kuchlilar uchun mukofotdir. Shunday ekan, kuchli Yevropaga muqobil yo‘q”, deydi u.
Muzlatilgan Rossiya aktivlari imkon qadar tezroq Ukrainaga yuborilishi kerakligini ta’kidlagan Zelenskiy Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirdi.
LiveBarchasi