Ukrainaga qarshi jang qilmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi
3-sahifa
−
16 iyul
20465Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarida qatnashgan o‘zbekistonlikka sud hukmi o‘qildi. QALAMPIR.UZ sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 2001 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanida tug‘ilgan yigit 2023 yilning dekabr oyida Rossiyaning Moskva shahriga ishlash maqsadida ketgan. Shu yilning 5 fevral kuni moddiy manfaatdorlik, ya’ni boshida bir martalik 195 ming rubl, keyinchalik har yili 240 ming rubl miqdorida oylik maoshlari olib borish evaziga Rossiya tarafini olib Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashishi yuzasidan Rossiya Mudofaa vazirligi Moskva bo‘limi bilan shartnoma qilgan.
Unga “oddiy askar” maxsus harbiy unvoni berilgan va “o‘qchi” lavozimiga tayinlanib, maxsus harbiy jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan.
9 fevral kuni esa yigit harbiy lagerdan qochib, Rossiyadan O‘zbekistonga “Moskva-Urganch” aviareysi orqali uchib, o‘zining Amudaryo tumanidagi doimiy yashash manziliga qaytib kelgan.
24 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan va fuqaro Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llangan holda 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiyaga ishlash maqsadida ketib, u yerda “Vagner” safiga qo‘shilgan va Ukrainaga qarshi jang qilgan 26 yoshli o‘zbekistonlikka hukm o‘qilgan va unga nisbatan oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangandi.