Ukrainaga bostirib kirish Rossiya uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi – Buyuk Britaniya

Olam

image

Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishi Rossiya iqtisodi uchun jiddiy muammolar keltirib chiqaradi. Bu haqda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Truss jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda ta’kidladi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun G7 mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlarining Liverpulda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida ushbu masalaga alohida to‘xtalib o‘tiladi. U, G‘arb davlatlari Rossiyaning Ukrainaga hujumini bir ovozdan “strategik xato” deya baholab, agar Rossiya ushbu “xato”ga yo‘l qo‘yadigan bo‘lsa, g‘arb Rossiyadan energiya va gaz importini to‘xtatishini ma’lum qildi. 

AQSH va uning ittifoqchilari tomonidan Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy hujumi yuzasidan berilgan ogohlantirishlar ortidan, Truss xonim ham Ukrainaga nisbatan tajovuzga qarshi G7 ning pozitsiyasi mutlaqo kuchli bo‘lishini bildirdi. 

“Agar Rossiya bostirib kiradigan bo‘lsa, bu strategik xato o‘laroq Rossiya uchun og‘ir oqibatlarga olib keladi”, deya qo‘shimcha qildi u o‘z nutqida.

G7 uchrashuvidan oldin Truss xonim Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan Londonda muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv davomida u, agar Rossiya Ukraina hududiga hujum qiladigan bo‘lsa, unga nisbatan qanday javob bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga “Buyuk Britaniya Ukraina bilan mudofaa va xavfsizlik sohalarida yaqindan hamkorlik qilmoqda”, deya javob berdi. 

Truss xonim Yevropa Ittifoqi tomonidan Ukrainani energetika va gaz ta’minoti sohasida Rossiyaga qaramlikdan qutqarish masalalari ko‘rilayotganligiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, agar Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, g‘arb mamlakatlari Rossiyadan elektr energiyasi va tabiiy gaz sotib olishni to‘xtatishga kelishib olgan. 

Bundan tashqari, mabodo Rossiya “strategik xato”ga yo‘l qo‘yadigan bo‘lsa, Germaniya va Rossiya o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Shimoliy oqim 2” gaz quvuri tortish loyihasi ham jiddiy muammolarga uchraydi. Bu esa Rossiya iqtisodiyotiga salbiy ta’sir qilmay qolmaydi. 

Ma’lumot uchun, G7 (yettilik guruhi) – Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va AQSHdan iborat yirik davlarlarning hukumatlararo siyosiy ittifoqidir. Ushbu ittifoq a’zolari dunyodagi iqtisodiyoti kuchli davlatlar hisoblanadi. Birgina 2018 yilda butun dunyo bo‘yicha sof iqtisodiy daromadning 60 foizi ushbu mamlakatlar hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya Buyuk Britaniya Ukraina

Baholaganlar

271

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing