Ukrainaga harbiy yordam “oqib kelmoqda”
Olam
−
10 mart 2023
23424Ukraina AQSH va Germaniya tomonidan va’da qilingan ikkita Patriot raketaga qarshi mudofaa tizimidan birini oldi, biroq u hali ishga tushmadi. Bu haqda “Financial Times” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Patriot G‘arb ixtiyoridagi eng ilg‘or o‘rta masofaga uchuvchi tizim hisoblanadi. Biroq u hozirgacha Rossiyaning gipertovushli “Kinjal” raketalariga qarshi sinovdan o‘tkazilmagan.
Shuningdek, Niderlandiyadan ham yana bir nechta Patriot tizimlari yetkazib berilishi kutilmoqda. Fevral oyida Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ryutte Ukraina unga va’da qilingan Patriot tizimlarini kamida ikki oy ichida olishi mumkinligini va ukrainalik harbiylar hozirda ushbu kompleks bilan ishlashga o‘rgatilayotganini aytgan. Vazir Niderlandiya Ukrainani Patriot tizimlari bilan ta’minlash bo‘yicha AQSH-Germaniya loyihasida ishtirok etish niyatida ekanini e’lon qilgan.
Bundan tashqari, Polsha milliy mudofaa vaziri Mariush Blashak ham Polsha sa’y-harakatlari tufayli Patriot havo hujumidan mudofaa batareyalari Ukrainaga yetib kelganini aytgan. Biroq keyinchalik vazirlik Blashak Ukrainaga Patriot zenit-raketa komplekslari yuborilishi haqida gapirmagani, uning so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilinganini iddao qilgan.
O‘z navbatida, Pentagon AQSH armiyasining Oklaxoma shtatidagi Fort Sill bazasida ukrainalik harbiylar uchun Patriot’dan foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror haqida ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukrainaga AQSH tomonidan 2 milliard dollarlik harbiy yordam, Kanadadan esa 32,5 million dollarlik yordam paketi ajratilgani e’lon qilingan edi.
LiveBarchasi