Ukrainadagi urushda qatnashgan o‘zbekistonlik yigit qamaldi
Olam
−
12 noyabr 8512 2 daqiqa
Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tuman sudi hukmi bilan Ukrainadagi urushda Rossiya tomonidan qatnashgan 24 yoshli fuqaro 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Unga ko‘ra, yigit 2022 yilning 3 fevralida Rossiyaning Moskva shahriga ishlash maqsadida borgan. Bu yerda u Lyuberse mavzesidagi savdo majmualaridan birida tozalovchi bo‘lib ish boshlagan. Shu davrda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun Rossiya huquq tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olingan va unga 7 yil qamoq jazosi tayinlangan.
2024 yilda Yekaterinburg shahridagi IK-5 koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan chog‘ida yigit Rossiya fuqaroligini olish va Qurolli kuchlarga qo‘shilish taklifi bilan yuzma-yuz kelgan. U o‘z manfaatlari va erkinlikka chiqish umidi uchun bu taklifni qabul qilib, Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tarafida xizmat qilgan. U Donetsk hududidagi harbiy poligonlarda dastlabki tayyorgarlikdan o‘tgan va keyin shaxtada harbiy xizmatchilarga oziq-ovqat yetkazish kabi vazifalarni bajargan. Fuqaro taxminan 8 oy davomida Rossiya Qurolli kuchlari safida ishtirok etgan va 2025 yilning avgust oyida xizmat joyidan qochib, 28 avgust kuni O‘zbekistonga qaytgan.
Sud jarayonida yigit o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Shuningdek, u Rossiyadagi harbiy xizmat davomida va ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati orqali o‘z ishtirokini tasdiqlab kelgan.
Farg‘ona tuman sudi 2001 yilda tug‘ilgan yigitni Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismi bilan aybli deb topib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tish belgilangan va u 2025 yil 28 avgustdan hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari safida yollanib, halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan 481 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qilgandi.
Live
Barchasi