Ukrainadagi urushda 66 o‘zbekistonlik halok bo‘ldi – OAV

Olam

image

Rossiyaning Ukrainadagi urushida halok bo‘lgan 118 mingdan ortiq harbiy orasida kamida 66 nafar O‘zbekiston fuqarosi mavjud. Bu haqda BBC va “Mediazona” nashrlari e’lon qilgan hisobotda aytildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning 46 nafari Rossiya koloniyalaridan frontga yuborilgan bo‘lib, ko‘pchiligi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi orqali urushga jalb qilingan. Qolganlari esa ko‘p hollarda o‘z ixtiyori bilan yoki bosim ostida shartnoma imzolagan.

Huquq faollarining fikricha, bu urush migrantlar uchun bosim vositasiga aylangan. Ayrimlarga deportatsiya bekor qilinishi, tezlashtirilgan fuqarolik, Rossiyaga kirish taqiqini olib tashlash kabi va’dalar berilgan.

Bundan tashqari, ayrim hollarda migrantlarga tahdidlar bilan ham shartnoma imzolashga majburlangan holatlar qayd etilgan. Xuddi shunday holat Tojikiston fuqarolari bilan ham kuzatilgan – 72 nafar halok bo‘lgan tojikistonlikdan 43 nafari ham koloniyalardan olib ketilgan. Gruziya fuqarolaridan 63 kishi halok bo‘lgan, ular asosan Abxaziya va Janubiy Osetiyada yashaganlar bo‘lib, ko‘pchilik jangga ko‘ngilli sifatida ketgan. Nepal fuqarolari orasida 70 kishi halok bo‘lgan va 50 dan ortig‘i bedarak yo‘qolgan. Ulardan ayrimlari Britaniya yoki Hindiston armiyasidagi tajribasi bilan tanilgan guruhlar safidan bo‘lgan. Shimoliy Koreyadan urushga yuborilganlar orasida esa 600 ga yaqin askarning halok bo‘lgani taxmin qilinmoqda, lekin ularning shaxsi rasmiy manbalarda tasdiqlanmagan.

Shuningdek, Shri-Lankadan kamida 288 kishi Rossiya armiyasiga yollangan, ulardan 16 nafari halok bo‘lgani rasman tan olingan. 

BBC bu xulosalarni faqat ochiq manbalardagi ma’lumotlar asosida tayyorlagan. Ular ichida hukumat e’lonlari, qarindoshlarning ijtimoiy tarmoqdagi postlari, qabristonlardagi suratlar mavjud. Asl qurbonlar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro Rossiyaga ishlash maqsadida borib, Ukrainaga qarshi janglarda ishtirok etgani uchun 5 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosiga hukm qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing