Ukrainadagi urush yaqin orada tugamaydi – Makron
Olam
−
10:23
3867Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukrainadagi urush “na ertaga, na indinga” tugashini aytdi. Bu haqda u Fransiya Qurolli kuchlariga qilgan murojaatida so‘z ochdi.
Shuningdek, Makron Ukrainaga uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlarini berish muhimligini qayd etdi.
“Harbiy harakatlar to‘xtaganidan keyin urushning Ukraina hududiga qaytmasligini kafolatlash zarur. Bu chora-tadbirlar nafaqat Kiyev uchun, balki butun Yevropa barqarorligi uchun asos bo‘ladi. Yevropada tinchlik va xavfsizlik yevropaliklarsiz va ularning o‘zaro muzokaralarisiz imkonsiz”, dedi Makron.
Bundan tashqari, Makron joriy yilning mayiga qadar Fransiyaning milliy mudofaa strategiyasini (Revue nationale stratégique) qayta ko‘rib chiqishni buyurdi. Bu strategiya Fransiyaning global mudofaa va qayta qurollanish asoslarini belgilashi kerak. So‘nggi strategik ko‘rib chiqish 2022 yilda – Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishidan so‘ng amalga oshirilgan edi.
Ma’lumot uchun, Makron Yevropa qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish ehtimoli haqida bir necha bor gapirgan. Bu g‘oya ilk bor 2024 yil fevralida tilga olingan va Yevropa davlatlari orasida otashni to‘xtatish rejimini nazorat qilish uchun tinchlikparvar kuchlarni kiritish bo‘yicha muhokamalarni boshlab bergan.
“The Wall Street Journal” ma’lumotiga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp ham ushbu tashabbusga qiziqish bildirgan. Ammo Parijda Vladimir Zelenskiy va Emmanuel Makron bilan uchrashuvda Tramp AQSH armiyasi tinchlikparvar missiyada ishtirok etmasligini aytgan. Uning fikricha, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishdagi asosiy rol Yevropaga tegishli bo‘lishi kerak.
“Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa davlatlari urush tugagan yoki muzlatilgan taqdirda Ukrainada harbiy kontingent joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Missiyaning minimal tarkibi 40 ming harbiydan iborat bo‘lishi kutilmoqda. Kontingentning asosini Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Polsha kuchlari tashkil qilishi mumkin. Biroq Yevropa xavfsizlik xizmatlari fikricha, Ukrainani yangi tajovuzdan samarali himoya qilish uchun kamida 100 ming askar zarur bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya o‘z qo‘shinlarining Ukrainaga kirishi mumkinligi uchun yashirin harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgani xabar qilingandi. “Perseus” mashqlari 2024 yil kuzida Fransiyadagi poligonda 10 kun davom etgan va armiya maxsus kuchlarining (CAST) 3200 ga yaqin askarini jalb qilgan. Ular mashg‘ulot davomida Rossiya qo‘shinlarining Ukraina hududiga bo‘lishi mumkin bo‘lgan zarbasini Belarus hududidan qaytarishni mashq qilgan.
LiveBarchasi