Xitoy Ukrainadagi urush kasofatini dunyoga tarqatmaslikni so‘radi
Olam
−
02 aprel 2022
9518Ukraina inqirozi Xitoyning boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya bilan normal savdo munosabatlariga ta’sir qilmasligi kerak. Bu haqda bugun, 2 aprel kuni maxsus brifingda XXR Tashqi ishlar vazirligining Yevropa departamenti rahbari Van Lutun Yevropa Ittifoqi-Xitoy onlayn sammiti yakunlarini sharhlash asnosida aytib o‘tdi.
“Xitoy Ukraina inqirozining ishtirokchisi emas. Va bizning fikrimizcha, bu boshqa birorta davlat bilan normal savdo-sotig‘imizga ta’sir qilmasligi kerak. Hatto Yevropa Rossiya bilan normal ish olib bormoqda, siz Rossiya bilan barcha savdoni to‘xtatmagansiz. Xuddi shunday, bizning Rossiya bilan normal savdo hamkorligimiz buzilmasligi kerak”, degan u.
Van Lutun, shuningdek, Xitoy AQSH va Yevropa davlatlari tomonidan Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun ataylab hech narsa qilmayotganini ta’kidlagan.
“Siz bizning sanksiyalar bo‘yicha pozitsiyamizni bilasiz. Biz sanksiyalarga qarshimiz”, degan u.
Diplomatning fikricha, bu sanksiyalar oqibatlari butun dunyoga tarqalishi mumkin. U bu ishlab chiqarish zanjirlari, globallashuv va hatto Ikkinchi jahon urushidan keyingi iqtisodiy tartibni ham xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini ta’kidlagan.
Van Lutun shuningdek, Xitoy Ukrainadan Pekinning Kiyev xavfsizligining kafiliga aylanishi bo‘yicha hech qanday so‘rov olmaganini aytdi.
“Tomonlar bu masalani muhokama qilmadi. Biz qandaydir so‘rov olganimiz haqida ma’lumotga ega emasman”, degan u.
Yevropa Ittifoqi-Xitoy sammiti kecha, 1 aprel kuni videokonferensiya orqali bo‘lib o‘tdi. Unda XXR raisi Si Szinpin, Xitoy Bosh vaziri Li Ketsyan, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel va Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Xosep Borrel ishtirok etdi.
LiveBarchasi