Ukrainadagi urush iqlim inqirozini ham kuchaytirmoqda – olimlar

Olam

image

Ukrainadagi uch yillik urush davomida atmosferaga deyarli 230 million tonna karbonat angidrid ekvivalenti (CO2) chiqarildi - bir yilda 120 million avtomobil yoki Avstriya, Vengriya, Chexiya va Slovakiyani birgalikda chiqaradigan bir xil miqdordagi issiqxona gazlari. Bu haqda bugun, 24 fevral kuni Yevropa iqlim jamg‘armasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan issiqxona gazlarini hisobga olish tashabbusiga tayanib, DPA axborot agentligi xabar berdi.

Tadqiqotda Ukraina Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslar vazirligi ishtirok etdi. Olimlarning qayd etishicha, chiqindilarning eng katta ulushi (38 foiz) to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy harakatlar – qurollardan foydalanish, yoqilg‘i sarfi, istehkomlarda beton va po‘latdan foydalanish oqibatida yuzaga kelgan.

Emissiyaning yana bir asosiy manbasi (27 foiz) urushda shikastlangan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilishdir. Iqlimga yetkazilgan zararni o‘rmon yong‘inlari yanada kuchaytirmoqda, ular chiqindilarning 21 foizini tashkil qiladi.

Ularning ta’kidlashicha, 2024 yilda quruq yoz tufayli o‘rmonlar o‘tgan yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p yonib ketgan: 92,2 ming gektar – bu Berlin maydonidan kattaroqdir.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, iqlimga keyingi zarar xalqaro havo qatnovining uzilishi bilan bog‘liq, chunki ko‘plab samolyotlar Rossiya, Ukraina va Belarus ustidan uchmaydi.

Bundan tashqari, ular energetika infratuzilmasi ob’ektlarining vayron bo‘lishi oqibatida emissiyalarni hisobga oldi. Bunga 2022 yil sentyabr oyida Boltiq dengizi tubi bo‘ylab o‘tuvchi “Shimoliy oqim” gaz quvuri shikastlanganda yuzaga kelgan metan chiqishi ham kiradi.

Uch yillik urush davomida sayyoramiz iqlimiga yetkazilgan zarar 42 milliard dollar baholanmoqda. Tadqiqotning yetakchi muallifi Lenard de Klerkning aytishicha, bu urushning iqlimga ta’sirini birinchi marta batafsil baholash. 

“Eng yaqin presedent AQSH armiyasining Iroq va Afg‘onistondagi urushlar paytida yoqilg‘i sarfini baholashidir. Biroq, bu hisob-kitobga o‘rmon yong‘inlari yoki binolarni ta’mirlash kabi boshqa emissiya manbalari kiritilmagan”, deydi u.

Viadrina Yevropa universitetining Ukraina bo‘yicha fanlararo tadqiqotlar assotsiatsiyasi (KIU) xodimi Syuzan Vorshex ushbu urush oqibatida yuzaga kelgan ekologik halokat ko‘lamini ulkan deb hisoblaydi. Misol tariqasida u 25 ming gektar yonib ketgan o‘rmonni, 220 ta xavf ostida qolgan yoki vayron bo‘lgan qo‘riqxonalarni hamda bir million gektarga yaqin minalangan o‘rmonlar va yerlarni keltiradi. Ukraina Atrof-muhitni muhofaza qilish davlat agentligiga tayanib, Vorshex mumkin bo‘lgan umumiy zararni 72 milliard yevroga baholamoqda.

Viadrina olimlari Ukraina hukumati va nodavlat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda urush oqibatida ekotsid - atrof-muhitning ommaviy vayron bo‘lganligi haqida dalillar to‘plamoqda. Dalillarni izlash aybdorlarni javobgarlikka tortish va yetkazilgan zararni qoplash talablarini qo‘yishga xizmat qiladi.

Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud ekotsidni hali jinoyat deb hisoblamayapti, biroq Yevropa Ittifoqi va BMT allaqachon ekologik jinoyatlarni u yerda ko‘rilgan jinoyatlar ro‘yxatiga kiritish uchun kampaniya olib bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina urush iqlim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing