6 ta Yevropa davlati Rossiyaga qo‘shimcha bosim o‘tkazishga kelishib oldi
Olam
−
01 aprel
122046 ta Yevropa davlati Rossiyaga qo‘shimcha bosim o‘tkazishga va yangi sanksiyalar joriy etishga tayyor ekanini e’lon qildi. Bu haqda kecha, 31 mart kuni Ispaniya poytaxti Madridda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha Germaniya, Fransiya, Italiya, Polsha, Ispaniya va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirlarining qo‘shma deklaratsiyasida so‘z boradi.
Ular Ukrainani siyosiy, moliyaviy, iqtisodiy, gumanitar, harbiy va diplomatik jihatdan qo‘llab-quvvatlashga sodiq ekanini bildirgan.
“Ko‘plab Yevropa hamkorlari, jumladan, ushbu guruh a’zolari Ukrainaga harbiy jihatdan qo‘shimcha muhim majburiyatlar olgan va kelajakda ham shunga o‘xshash majburiyatlarni rejalashtirmoqda”, deyiladi deklaratsiya matnida.
Davlatlar Rossiyaga bosim o‘tkazishda barcha mavjud vositalardan, jumladan, yangi sanksiyalar qabul qilishdan foydalanishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Bu Rossiyaning agressiv urush olib borishiga to‘sqinlik qilish va Ukrainaga adolatli va barqaror tinchlikni ta’minlash uchun eng yaxshi pozitsiyani yaratish maqsadida amalga oshirilishi ta’kidlangan.
Shuningdek, ular Rossiya aktivlari muzlatilgan holda qolishi kerakligini, toki mojaroga barham berilmaguncha va Rossiya yetkazilgan zararni qoplamaguncha, bu holat saqlanib qolishi lozimligini qayd etgan.
“Biz Yevropa o‘z xavfsizligi uchun ko‘proq javobgarlikni zimmasiga olishi, yanada tayyor bo‘lishi va hozirgi hamda kelajakdagi chaqiriqlarga dosh bera olishi kerakligini tasdiqlaymiz”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi bo‘lib o‘tgan telefon suhbati yakunlari bo‘yicha bayonotida London va Vashington Ukrainadagi urush davom etayotgan bir paytda G‘arb ittifoqchilari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga jamoaviy bosim o‘tkazishda davom etishi kerak degan fikrga kelganini aytgan edi.