Ukrainadagi urush fonida qancha fuqaro O‘zbekistonga evakuatsiya qilingani aytildi
Jamiyat
−
07 aprel 2023
8820Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan buyon O‘zbekistonning 6 030 nafar fuqarosi maxsus reyslar orqali mamlakatga evakuatsiya qilingan. Bu haqda bugun, 7 aprel kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida Tashqi ishlar vazirligining 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axborotida ma’lum qilindi.
Keltirilishicha, 2022 yil davomida xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 276 846 ta konsullik operatsiyasi amalga oshirilgan.
Senatorlar vazirlik tomonidan investitsiyalarni jalb qilish, eksportni rivojlantirish va hududlararo hamkorlik hamda turizmni kengaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalarga qaramay, bu sohada hal etilmagan ayrim muammolar saqlanib qolayotganini ta’kidlagan.
Xususan, mamlakat hududlarida ilg‘or, resurslarni tejovchi texnologiyalarni jalb qilish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qator diplomatik vakolatxonalar yetarli darajada faoliyat ko‘rsatmayotgani aytilgan.
Senatorlar hududlararo hamkorlik va xorijiy davlatlarning O‘zbekiston shaharlari bilan qardoshlik aloqalarini rivojlantirish borasidagi ishlar samaradorligini tubdan oshirish va ishlar natijadorligiga erishish zarurligiga e’tibor qaratgan.
Shuningdek, mamlakatning tashqi siyosiy ishlar bo‘yicha idorasi milliy turistik mahsulotini ommalashtirish va milliy hunarmandchilik mahsulotlarini tashqi bozorlarga eksport qilish borasidagi ishlar samaradorligini ta’minlash maqsadida sezilarli choralar ko‘rishi zarurligi qayd etilgan.
Keng va ochiq muhokama yakunlari bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilingan.
LiveBarchasi