Turkiyada o‘rmon yong‘inlari avj oldi. Odamlar evakuatsiya qilindi (video)

Olam

image

Turkiyaning Antaliya va Adana viloyatlarida o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ldi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Antaliyaning Serik tumanidagi Deniztepesi va Sariabali mahallalarida o‘rmon va qishloq xo‘jaligi yerlari joylashgan hududda yong‘in chiqqan. Xavfsizlik chorasi sifatida ayrim uylar aholidan bo‘shatilgan.

Yong‘in ta’sirida qolgan uylardan birida bo‘lgan Ibrohim, Hadicha va Kiraz Karaja tutundan zararlangan. Ular tez yordam mashinalarida shifoxonaga olib ketilgan. Yong‘inni o‘chirish ishlari davomida xususiy kompaniyaga tegishli ekskavator jarlikka ag‘darilib ketgan. Hodisada jarohatlangan haydovchi ham shifoxonaga yetkazilgan.

Ayni vaqtda yong‘inga 12 ta suv tashuvchi maxsus texnika, 4 ta o‘t o‘chirish mashinasi va 6 ta suv sisternasi yordamida qarshi kurashilmoqda. Yong‘inni havodan va yerdan bartaraf etish ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, Adananing Kozan tumanida ikki hududda o‘rmon yong‘inlari qayd etilgan. Doganalani mahallasi qishloq hududidagi yong‘in hozircha noma’lum sababga ko‘ra boshlangan.

Keyinchalik Dyuzag‘ach mahallasining Dagilchak hududida ham o‘rmondan tutun ko‘tarilgani aniqlangan. Har ikki yong‘inga qarshi maxsus texnika va vertolyotlar jalb qilingan. Antaliya va Adanadagi yong‘inlarni nazoratga olish va to‘liq bartaraf etish ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belgiyada mamlakat tarixidagi eng yirik o‘rmon yong‘inlaridan biri sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing