Fransiyada kuchli tornado: yuzlab uylar vayron bo‘ldi, aholi evakuatsiya qilindi (fotoreportaj)

Olam

image

Fransiyaning janubi-g‘arbiy qismidagi Pomas qishlog‘ida kuchli tornado yuzlab uylarni vayron qildi. Qishloqdagi 500 ta uyning qariyb 300 tasi zarar ko‘rgan, shulardan 100 tasi yashash uchun xavfli holga kelgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Tornado joriy yilning 24 avgust kuni kechqurun Od hududida sodir bo‘lgan. Tabiiy ofat oqibatida o‘nlab odam jarohatlangan, biroq jabrlanganlarning hech biri og‘ir ahvolda emas.

“Apokalipsisga o‘xshardi”, deya voqeani tasvirlagan 41 yoshli Vanessa tornado vaqtida uyida qolib ketganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shamol shu qadar kuchli bo‘lganki, derazalarni yopishning iloji bo‘lmagan.

“Biz bu oxiri bo‘ladi, deb o‘yladik. Tornado to‘g‘ri biz tomon kelayotganini ko‘rdik”, dedi u.

Tabiiy ofatdan so‘ng Pomasning barcha aholisi evakuatsiya qilingan. Mutaxassislar binolarning xavfsizligini tekshirmoqda.

Qishloqda ayrim uylar butunlay qulagan, boshqalarining tomlari uchib ketgan yoki devorlarining bir qismi vayron bo‘lgan. Avtomobillar ham vayronalar ostida qolgan.

Meteo-Frans mutaxassisi Fransua Jobardning aytishicha, Pomasdagi tornado nihoyatda kuchli bo‘lgan va shamol tezligi soatiga 200 kilometr yoki undan yuqoriga yetgan bo‘lishi mumkin.

Fransiyada yiliga bir necha o‘nlab tornado kuzatiladi. Biroq ular odatda AQSHdagidek kuchli bo‘lmaydi. Shu sababli Pomasdagi vayronagarchilik mamlakat uchun kam uchraydigan va jiddiy tabiiy ofat sifatida baholanmoqda.

Tornado Fransiyaning janubida davom etayotgan kuchli jazirama ortidan momaqaldiroqli ob-havo boshlangan paytda yuz bergan. Mutaxassislar iqlim o‘zgarishi kuchli bo‘ronlar soni va intensivligiga ta’sir qilayotganini ta’kidlamoqda, biroq tornado va iqlim o‘zgarishi o‘rtasidagi bevosita bog‘liqlik bo‘yicha tadqiqotlar hali davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Xubey provinsiyasida yuz bergan ikki tornado oqibatida 11 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing