Ukrainadagi mojaroda Rossiyaning g‘alabasi NATOning mag‘lubiyati bo‘ladi – Stoltenberg
Olam
−
11 Oktabr 2022
10478Rossiyaning Ukrainadagi mojaroda g‘alaba qozonishi NATOning mag‘lubiyatini anglatadi, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg NATO Mudofaa vazirligi rahbarlarining Bryusseldagi uchrashuvi arafasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Ukrainaning g‘alaba qozonishi muhim. Chunki agar Putin g‘alaba qozonsa, bu nafaqat Ukraina uchun, balki barchamiz uchun ham mag‘lubiyat bo‘ladi. Rossiyaning g‘alabasi bu dunyoni yanada xavfli qiladi va biz Rossiya agressiyasiga nisbatan zaifroq bo‘lamiz”, deydi Stoltenberg.
Unga ko‘ra, NATO Ukrainani qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlaydi. U NATO Ukrainada uzoq davom etadigan urushga tayyor turishi kerakligini ta’kidladi:
“Biz uzoq urushga tayyor bo‘lishimiz va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”.
Blok rahbari Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga bergan so‘nggi yirik raketa zarbalarini Rossiya uchun “zaiflik belgisi” deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva “jang maydonida mag‘lub bo‘lgani” uchun bunday qadamlarga boryapti.
Stoltenberg Rossiyaning yadro qurolidan foydalanish ehtimoli haqida ham fikr bildirdi. Uning qayd etishicha, ayni paytda alyans Rossiyaning yadro qurolidan foydalanish niyati alomatlarini ko‘rmayapti, ammo hushyor bo‘lib turibdi.
Shu bilan birga, u NATO Rossiya yadroviy kuchlarini diqqat bilan kuzatib borishini qo‘shimcha qildi.
Bosh kotibning ta’kidlashicha, NATO kelasi hafta yadroviy to‘siq bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Stoltenberg yana NATO ittifoqchilari infratuzilmasiga gibrid va kiberhujumlarni qaytarishga tayyorligini bildirdi.