Ukrainadagi keskinlik: Bayden xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazadi
Olam
−
20 fevral 2022
8633AQSH Prezidenti Jo Bayden bugun, 20 fevral kuni Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha Oq uyning Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazadi. Bu haqda Oq uy Matbuot kotibi Jen Psaki bergan yozma bayonotda aytiladi.
“Prezident Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqiradi”, degan u.
Matbuot kotibining ta’kidlashicha, “Bayden Ukrainadagi o‘zgaruvchan vaziyatni kuzatishda davom etmoqda va uning milliy xavfsizlik guruhi voqealar rivoji haqida muntazam ravishda unga hisobot beradi”.
“Ular (Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchilari) Rossiya istalgan vaqtda Ukrainaga hujum qilishi mumkinligini tasdiqladi”, deydi Psaki.
Hujjatda qayd etilishicha, kecha, 19 fevral kuni Baydenga vitse-prezident Kamola Xarrisning Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, Germaniya kansleri Olaf Shols, NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis, shuningdek, Boltiqbo‘yi mamlakatlari “va boshqa ittifoqchilar va sheriklar” rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari natijalari haqida ham ma’lumot berilgan.
Qayd etish kerakki, AQSH va G‘arb davlatlari so‘nggi oylarda Rossiyani Ukrainaga bosqin tayyorlashda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytgandi. Ammo unday bo‘lmadi.
O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib, chegaraga qo‘shin joylashtirilishi faqatgina harbiy mashg‘ulot uchun ekanini ta’kidlayotgandi. Kreml joriy yilning 20 fevraligacha mashg‘ulot o‘tkazishni belgilagandi. Rasmiy Moskva 15 fevral kuni chegaradagi qo‘shinlarini ortga qaytarishni boshlaganini e’lon qildi.
Biroq bu xabarlarga shubha bilan qaragan AQSH rahbariyati joriy yilning 17 fevral kuni Rossiya Ukraina bilan chegaradagi harbiy mavjudligini 7 ming kishiga oshirganini e’lon qildi. Rasmiylar Kreml “istalgan vaqtda Ukrainaga bostirib kirishni oqlash uchun yolg‘on bahonadan foydalanishi” mumkinligi haqida “dalil olishda davom etmoqda”.
Aytish joizki, hozirda Ukrainaning sharqiy hududlarida joylashgan rossiyaparast, o‘zini suveren deya atovchi hududlar: Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasi (DXR) yetakchilari aholini Rossiyaga evakuatsiya qilmoqda. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa zaxiradagi askar hisoblanuvchi barcha Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini harbiy tayyorgarlikka chaqirdi.
LiveBarchasi