Ukrainada Telegram’dan rasmiy qurilmalarda foydalanish taqiqlandi

Olam

image

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining kiberxavfsizlik bo‘yicha milliy muvofiqlashtirish markazi hukumat organlari, harbiy qo‘shinlar va muhim infratuzilma ob’ektlarida Telegram messenjeridan foydalanishni cheklashga qaror qildi. Bu haqda Oliy Rada matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, rasmiy qurilmalarda messenjerni o‘rnatish va undan foydalanishni taqiqlash davlat xizmatchilari, harbiy xizmatchilar, xavfsizlik va mudofaa sohasi xodimlari hamda muhim infratuzilma korxonalariga taalluqli. Telegram’dan foydalanish rasmiy vazifalarning bir qismi bo‘lsagina istisno qilinadi.

Ukraina Xavfsizlik xizmati va Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi vakillari Rossiya tomoni messenjerdan kiberhujumlar, fishing va zararli dasturlarni tarqatish, shuningdek, foydalanuvchilarning geolokatsiyasini aniqlash va raketa zarbalarini yo‘naltirishda faol foydalanayotganini da’vo qilgan.

Mamlakat Harbiy razvedkasi rahbari Kirill Budanovga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmatlari Telegram foydalanuvchilarining shaxsiy yozishmalariga kirish imkoniga ega.

Ma’lumot uchun, Ukrainada Telegram’ni taqiqlash haqidagi muhokamalar anchadan beri davom etmoqda. Ushbu qaror tarafdorlari messenjerni zaif deb biladi. Xususan, Kirill Budanov buni milliy xavfsizlikka tahdid deb hisoblaydi. Fransiyada Telegram asoschisi Pavel Durov hibsga olinganidan keyin Oliy Rada deputatlari messenjer ishini tartibga soluvchi qonun loyihasini ishlab chiqqan, biroq uning hozircha yakuniy versiyasi mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml ma’muriyati messenjerlardan, jumladan, Telegram’dan rasmiy maqsadlarda foydalanmasligini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Telegram Oliy Rada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing