Ukrainada asirga tushgan xitoyliklar qanday urushga borib qolganini aytdi

Olam

image

Joriy yilning 4 va 5 aprel kunlari Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan asirga olingan Xitoy fuqarolari Van Guanszyun va Chjan Renbo Rossiya armiyasi tarkibida urushmoqchi bo‘lmaganini, biroq aldanib, frontga yuborilganini ma’lum qildi. Ular, shuningdek, o‘zlarining Pekin hukumati bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan. Bu haqda ular kecha, 14 aprel kuni Ukraina Xavfsizlik xizmati tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

Guanszyunning so‘zlariga ko‘ra, u koronavirus pandemiyasi davrida ishsiz qolganidan so‘ng ish izlay boshlagan. U rossiyalik yollovchi bilan yarador harbiylarga reabilitolog sifatida xizmat qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Biroq Rossiyaga yetib borganidan so‘ng u to‘g‘ridan to‘g‘ri armiya tarkibiga tushib qolgan va boshqa tanlovi bo‘lmagan. Uch kundan so‘ng esa front chizig‘iga yuborilgan. Unga ko‘ra, ayniqsa TikTok’da harbiylarning obrazi ideallashtirilgani bois Xitoyda ko‘plab erkaklar urushga borishga intilmoqda.

Uning aytishicha, rekruterlar bilan faqat imo-ishoralar orqali muloqot qilishga majbur bo‘lgan, shartnoma shartlari yoki to‘lovlar haqida to‘liq ma’lumot berilmagan. Hujjatlar ham xitoy tilida taqdim etilmagan. Yakunda Guanszyun vatandoshlarini rossiyaliklarga ishonmaslikka chaqirgan va Rossiyani “ko‘ringanidek qudratli emas”, Ukrainani esa “kutilganidek zaif emas” deb atagan. 

Chjan Renbo esa dastlab Rossiyaga sayyoh sifatida borganini aytgan. Biroq keyinchalik biroz pul topish niyatida bo‘lgan. Unga Rossiyada quruvchi bo‘lishni taklif qilishgan, ammo keyinchalik hammasi boshqacha yo‘nalishga o‘zgarib ketgan. Renboning aytishicha, urushga borguniga qadar Ukrainaga oid barcha ma’lumotlar faqat Rossiya g‘alabalari haqida bo‘lgan.

Unga 80 mingdan 260 ming rublgacha maosh va’da qilingan. Biroq u 200 ming rubl tushirilgan bank kartasini olganidan so‘ng rus harbiylari darhol uning telefonini olib qo‘yishgan va pulni o‘zlashtirishgan. Ular, shuningdek, unga tahdid qilishgan.

Ikkala asir ham Ukraina harbiylaridan birontasini ham o‘ldirmaganini, frontdagi ishtiroklari qisqa bo‘lganini aytgan. Asirlarning taxminicha, ular Rossiyaning 7-motostrelkali brigadasi safida bo‘lgan. Guanszyun ham, Renbo ham vatanga mahbuslar almashinuvi orqali qaytish istagini bildirgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘tgan haftada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya armiyasida kamida 155 nafar xitoylik yollanganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning har biri bo‘yicha Kiyevda ma’lumotlar mavjud. Xitoy fuqarolari Moskvaga borganidan so‘ng 3-4 kun tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi, migratsion kartalar va “Mir” bank kartalari beriladi, so‘ngra ular 1-2 oy davomida o‘quv markazlarida tayyorgarlik ko‘radi.  

Zelenskiy Ukraina asirlariga almashish sharti bilan xitoyliklarni qaytarishga tayyorligini bildirgan. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa o‘z fuqarolarining Rossiya tomonida urushayotganini rad etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing