Ukrainada 9 yashar bolaning ruslar o‘ldirgan onasiga yozgan maktubi BMT minbaridan o‘qildi

Olam

image

Ukrainaning Kiyev viloyatining Gostomel posyolkasidan 9 yoshli bola rus askarlari tomonidan o‘ldirilgan marhum onasiga maktub yozdi. Uni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida Ukrainaning doimiy vakili Sergey Kislitsa ovoz chiqarib o‘qib berdi.  

Xatda shunday deyilgan: 

“Ona, bu maktub 8 mart xotin-qizlar kuni uchun sizga sovg‘am. Hayotimdagi eng yaxshi to‘qqiz yil uchun rahmat. Bolaligim uchun katta rahmat. Siz dunyodagi eng yaxshi onasiz. Men sizni hech qachon unutmayman. Osmonda sizga omad tilayman. Umid qilamanki, jannatga kirasiz. Men ham jannatga kirishim uchun o‘zimni yaxshi tutishga harakat qilaman. Sizni o‘pib qolaman, Tolyangiz”. 

Kislitsaning aytishicha, bolaning onasi rus harbiylari bosib olgan Gostomeldan mashinada chiqib ketmoqchi bo‘lganida o‘ldirilgan. Bola mahalliy aholi uni qutqarguncha mashinada qolgan. 

Ukrainaning BMTdagi vakili shunday va shunga o‘xshash xatlarning mavjudligi Xavfsizlik Kengashining o‘zi to‘g‘ri ishlamayotganidan dalolat berishini ta’kidlagan. 

“Bunday maktublar yozilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, agar ular yozilsa, demak, bu yerda —BMTda ham nimadir noto‘g‘ri bo‘lgan. Demak, uning xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash mexanizmi to‘g‘ri ishlamayapti va uni tuzatish kerak”, deydi diplomat. 

Shu bilan birga, u Rossiya Federatsiyasiga Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi huquqlaridan foydalanishga ruxsat berilsa, bunday tuzatishlar deyarli mumkin bo‘lmasligiga e’tibor qaratgan. 

“Agar biz Kremlni to‘xtata olmasak, ko‘proq bolalar yetim qoladi. Ko‘proq onalar farzandlaridan ayriladi. Bugun Ukrainada, ertaga yana boshqa joyda”, degan elchi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

843

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing