Ukraina raketa bilan urgan “Moskva” kreyseri qay ahvoldaligi ochiqlandi
Olam
−
14 aprel 2022
23495Rossiya Qora dengiz floti flagmani bo‘lgan “Moskva” kreyseridagi yong‘in manbasi qurshab olindi va o‘q-dorilarning portlashi to‘xtadi. Bu haqda bugun, 14 aprel kuni Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
“Moskva” kreyseridagi yong‘in manbasi lokalizatsiya qilindi. Ochiq yonish kuzatilmadi. O‘q-dorilarning portlashi to‘xtatildi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kreyser suzish imkoniyatini saqlab qolmoqda va uning asosiy raketa quroli buzilmagan.
“Kreyser ekipaji hududdagi Qora dengiz floti kemalariga evakuatsiya qilindi. Kreyserni portga tortib kelish choralari ko‘rilmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan harbiy boshqarma yong‘in sabablari aniqlanayotganini ta’kidlab.
Bugun Rossiya Mudofaa vazirligi Qora dengiz flotining “Moskva” gvardiya raketa kreyseri yong‘in natijasida o‘q-dorilarning portlashi natijasida jiddiy shikastlangani, ekipaj evakuatsiya qilingani haqida xabar berdi. Vazirlik yong‘in sabablari o‘rganilayotganini aytgan.
O‘z navbatida Ukraina rasmiylari “Moskva” kreyseri mamlakat harbiylari tomonidan hujumga uchraganini, unga “Neptun” qanotli raketasi bilan zarba berilganini e’lon qildi.
“Moskva” – Qora dengiz flotining flagmani. 1983 yilda “Shon-sharaf” nomi bilan foydalanishga topshirilgan. 1996 yilda kreyser hozirgi nomini olgan. Kemaning asosiy zarba quroli 16 ta P-1000 “Vulkan” raketalarini otish moslamasi hisoblanadi.
LiveBarchasi