Ukraina yana Rossiyaning yirik zavodlariga zarba berdi

Olam

image

Ukrainaning Rossiya hududlariga uyushtirgan keng ko‘lamli tungi dron hujumlari oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. Hujumlar asosan Volgograd va Bryansk viloyatlarida qayd etilgan bo‘lib, kimyo zavodi hamda yirik neftni qayta ishlash korxonasiga zarar yetgani aytilmoqda. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.

Volgograd viloyati gubernatori Andrey Bocharovning bildirishicha, Voljskiy shahridagi sun’iy tolalar ishlab chiqaruvchi zavod dron hujumiga uchragan. Zarba oqibatida 60 yoshli erkak halok bo‘lgan. Hujum paytida og‘ir tan jarohati olgan 55 yoshli ayol shifoxonaga olib ketilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.

Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Bryansk viloyatida ham dron hujumlari kuzatilgan. Viloyat vaqtinchalik gubernatori Yegor Kovalchukning ma’lum qilishicha, Solovyovka qishlog‘iga berilgan zarba oqibatida bir tinch fuqaro halok bo‘lgan. Mazkur qishloq Ukraina shimolidagi Chernigov viloyati bilan chegaraga yaqin hududda joylashgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi joriy yilning 28 may oqshomidan 29 may tongigacha mamlakatning turli hududlarida jami 208 ta Ukraina droni urib tushirilganini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, hujumlar bir nechta viloyatlarni qamrab olgan.

So‘nggi oylarda Ukraina Rossiyaning energetika va harbiy infratuzilma ob’ektlariga dron hujumlarini kuchaytirgan. Kiyev rasmiylari bunday zarbalarni Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan bosqini va raketa hujumlariga javob sifatida izohlab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaga tegishli deya taxmin qilinayotgan dron Ruminiyaning Galats shahrida ko‘p qavatli turarjoy binosi ustiga qulab tushib, yong‘in kelib chiqargan edi. Hodisa Ruminiya favqulodda vaziyatlar xizmati tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, dron Rossiya hujumlari fonida Ukrainaga yaqin hududlarda uchib kelgan paytda qayd etilgan. Oqibatda bino zarar ko‘rgan va yong‘in o‘chirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya dron kimyo zavodi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing