Ukraina va Xitoy vakillari Zelenskiyning “tinchlik formulasi”ni muhokama qildi
Olam
−
08 mart
5855Kiyevda Xitoy hukumatining Yevrosiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Li Xuy boshchiligidagi delegatsiya bilan Ukraina Prezidenti va hukumati devonidagi rasmiylarning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda kecha, 7 mart kuni Prezident idorasi saytida xabar berildi.
Tomonlar Ukrainadagi xavfsizlik holati, jang maydonidagi vaziyat, Ukraina “tinchlik formulasi” va unga erishishda Xitoyning ishtirokini muhokama qilgan.
“Biz Xitoy bilan hamkorlikni qadrlaymiz va bugungi muzokaralar munosabatlarimizni chuqurlashtirish va mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘lishiga umid qilamiz”, degan Ukraina Prezidenti devonining rahbari Andrey Yermak.
Xitoy delegatsiyasiga Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilib, Rossiyaga topshirilgan hamda Moskva tomonidan hujumlarda foydalanilgan va Ukraina hududida urib tushirilgan raketa bo‘laklari va boshqa qurol elementlarining namunalari ko‘rsatilgan.
Li Xuy 2 martdan beri xalqaro safarda. U dastlab Rossiyaga borgan. E’lon qilingan jadvalga ko‘ra, xitoylik diplomat Yevropa Ittifoqi shtab-kvartirasiga hamda Polsha, Germaniya va Fransiyaga ham tashrif buyuradi.
Ma’lumot uchun, 2022 yil sentyabr oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Indoneziyaning Balida bo‘lib o‘tgan G20 yetakchilari sammiti chog‘ida Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi tinchlik bo‘yicha o‘zining 10 banddan iborat qarashlarini taqdim etgan. Ular orasida Ukrainaning yadroviy, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, barcha mahbuslar va deportatsiya qilinganlarni ozod qilish, Rossiya qo‘shinlarini olib chiqish va harbiy harakatlarni to‘xtatish bor.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Zelenskiyning formulasini “amalga oshirib bo‘lmaydigan” deb atagan bo‘lsa, AQSH Prezidenti Jo Bayden va Germaniya kansleri Olaf Shols, aksincha, buni olqishlagandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning aprel oyida Xitoy rahbari Si Szinpin Ukrainada urush boshlanganidan beri Zelenskiy bilan ilk telefon muloqotini o‘tkazgandi. May oyida esa Xitoyning Yevrosiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Li Xuy Ukraina, Polsha, Fransiya, Germaniya va Rossiyaga borib, u yerdagi rasmiylar bilan uchrashgandi.
LiveBarchasi