Ukraina va Isroil AQSH yordamisiz qolishi mumkin
Olam
−
07 dekabr 2023
13748Ukraina va Isroilga ko‘p milliard dollarlik yordam ajratish to‘g‘risidagi qonun loyihasi AQSH Senatida protsessual ovoz berishdan o‘tmadi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
AQSH Prezidenti Jo Bayden oktyabr oyida Amerika milliy xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan jami 110 milliard dollarlik xarajatlar paketini taqdim etgandi.
Xususan, u ushbu mojarolar doirasida Ukrainaga 61 milliard dollar, Isroilga 14 milliard dollar miqdorida harbiy yordam ajratishni, shuningdek, 9 milliard dollar miqdorida gumanitar yordam ko‘rsatishni nazarda tutgan.
Bundan tashqari, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi ittifoqchilarga yordam berish uchun 2 milliard dollar va AQSH janubiy chegarasida xavfsizlikni ta’minlash uchun 14 milliard dollar ajratilgan.
Paket doirasida AQSH ma’muriyati boshpana so‘rovlarini ko‘rib chiqishni tezlashtirish uchun immigratsiya xizmati xodimlari sonini ko‘paytirishni, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish uchun patrullar sonini ko‘paytirishni va migrantlarni qabul qilish markazlarini boshqaradigan shtatlarga mablag‘ ajratishni taklif qilgan.
Muammoni Kongressning yuqori palatasiga olib chiqish uchun 60 senatorning roziligi zarur edi. 51 nafar senator “qarshi”, 49 nafari “ma’qul” ovozini berdi.
Oq uy bu mablag‘ni ma’qullamasa, Qo‘shma Shtatlar bir necha hafta ichida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun pulsiz qolishini bir necha bor ta’kidlagan.
AQSH Prezidenti Jo Bayden 6 dekabr kuni Kongressni Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatishni zudlik bilan tasdiqlashga va partiyalararo kelishmovchiliklarni chetga surib qo‘yishga chaqirdi.
LiveBarchasi