Ukraina urush 2025 yilda tugashiga umid qilmoqda – Sibiga 

Olam

image
Endi to‘p Rossiya maydonida – AQSH bosh diplomati north_east

Endi to‘p Rossiya maydonida – AQSH bosh diplomati

Ukraina o‘tgan hafta Jiddada amerikaliklar bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar 2025 yilda mojaroga barham berishga yo‘l ochganiga ishonadi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga bugun, 18 mart kuni Hindiston poytaxti Nyu Dehlida bo‘lib o‘tayotgan “Raisina Dialogue” siyosatshunoslik konferensiyasida so‘z ochdi.

“Jiddadan keyin bizda bu yil urushni tugatish uchun boshqa tezlik, yangi qo‘shimcha imkoniyatlar bor. Va biz bunga tayyormiz. Biz tinchlikka erishish yo‘lida to‘siq emasmiz”, dedi u.

Sibigaga ko‘ra, Kiyev Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni boshlashga tayyor. Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina vaziyatni yaxshiroq tushunish uchun Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasidagi telefon suhbati natijalarini kutmoqda.

Shu bilan birga, u Ukraina mojaroni hal qilishda hamon o‘zining “qizil chiziqlari”dan voz kechmayotganini ta’kidladi. 

“Suverenitet va hududiy yaxlitlik bo‘yicha murosalarga yo‘l qo‘yilmaydi, harbiy imkoniyatlarga hech qanday cheklovlar qo‘yilmaydi va uchinchi davlatlar tomonidan biron bir alyansda ishtirok etishga veto qo‘yilmaydi”, dedi u.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 mart kuni “Politico” Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning sanksiyalar siyosati bo‘yicha vakolatli vakili Vladislav Vlasyukka tayanib, G‘arb tomonidan Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalar Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvi doirasida bekor qilinishi mumkinligini yozgandi. Amerikaning “Semafor” nashri esa muhokamalardan xabardor ikki manbaga tayanib, Tramp ma’muriyati Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish bo‘yicha kelajakdagi kelishuvning bir qismi sifatida Ukraina Qrimini Rossiya hududi sifatida tan olish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini xabar qildi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan mahalliy vaqt bilan bugun, 18 mart kuni ertalab Ukrainadagi urush haqida gaplashishini ma’lum qildi. CNN va “Associated Press” axborot agentliklarining yozishicha, Putin va Tramp o‘rtasidagi muzokaralar “hududlar” va “energetika stansiyalari”ga qaratiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Andrey Sibiga

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing