Kurs UZS

USD

12 947.20

26.76

EUR

14 222.50

-30.04

RUB

153.38

-0.14

Ukraina tiklanishi uchun 524 mlrd dollar kerak – Jahon banki

Olam

image

Rossiya bosqinidan so‘ng Ukrainaning iqtisodiyotini qayta tiklash uchun zarur bo‘lgan mablag‘ miqdori 524 milliard dollarga yetdi, bu esa 2024 yilda kutilgan iqtisodiy ishlab chiqarish hajmidan deyarli uch baravar ko‘p. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hisob-kitob Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa komissiyasi va Ukraina hukumati tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijasida aniqlangan. Mazkur tadqiqot Rossiya bosqinining so‘nggi uch yili davomida 2024 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan va Rossiya hujumlari oqibatida Ukrainaning energiya infratuzilmasiga yetkazilgan zararning 70% ga oshganini ko‘rsatgan.

O‘tgan yilgi 486 milliard dollarlik hisob-kitob bilan solishtirganda bu miqdor 7%ga yuqorilagan. Eng ko‘p zarar yetgan sohalar uy-joy, transport, energetika, savdo va ta’lim sektorlari bo‘lgan.

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina bilan alohida muzokaralar o‘tkazish orqali urushni tugatishga harakat qilmoqda. U Fransiya Prezidenti Emmanyuel Makron bilan uchrashuv chog‘ida kelishuvni bir necha hafta ichida amalga oshirish mumkinligini aytgan.

Ukraina hukumati 2025 yilda eng ustuvor ehtiyojlar uchun 7,37 milliard dollar ajratgan bo‘lsa-da, donorlarning yordamiga qaramay, deyarli 10 milliard dollarlik moliyaviy yetishmovchilik mavjud. Oxirgi baholash natijalariga ko‘ra, Rossiya hujumlari oqibatida yetkazilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar miqdori 176 milliard dollarga yetgan. Bu esa 2024 yil fevral oyida qayd etilgan 152 milliard dollardan sezilarli darajada oshgan.

Tiklanish uchun eng ko‘p mablag‘ talab qilinadigan sohalar:

  • Uy-joy sektori – 84 milliard dollar
  • Transport – deyarli 78 milliard dollar
  • Energetika va qazib olish sanoati – 68 milliard dollar
  • Savdo va sanoat – 64 milliard dollardan ortiq
  • Qishloq xo‘jaligi – 55 milliard dollar

Bundan tashqari, vayronalar va chiqindilarni tozalash xarajatlari taxminan 13 milliard dollarni tashkil qiladi.

Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassanining so‘zlariga ko‘ra, bu baholash Ukraina jismoniy va iqtisodiy tiklanish, islohotlar va qayta qurish borasida sezilarli yutuqlarga erishayotganini ko‘rsatmoqda.

Hisobotga ko‘ra, Ukraina va uning xalqaro hamkorlari allaqachon 13 milliard dollardan ortiq ehtiyojlarni qoplashga muvaffaq bo‘lgan. Jumladan, davlat byudjeti va donor mablag‘lari hisobidan 1,2 milliard dollar ajratilib, uy-joy ehtiyojlari qoplangan va 2 000 kilometrdan ortiq yo‘llar ta’mirlangan.

Eslatib o‘tamiz, kecha,  24 fevral kuni ertalab Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta Ukraina poytaxti Kiyevga borgandi. Xuddi shu kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 16-raundini rasman qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon banki Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing