Ukraina Tashqi ishlar vaziri FIFA prezidentini haqorat qildi

Sport

image

Ukraina FIFA prezidenti Janni Infantinoning Rossiya klublariga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish va ularni xalqaro futbolga qaytarish haqidagi taklifiga keskin munosabat bildirdi. Bu haqda UNIAN nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Infantino Rossiya jamoalarining musobaqalarga qaytishini qo‘llab-quvvatlagan. Uning fikricha, rossiyalik futbolchilarga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar “yanada ko‘proq umidsizlik va nafratni keltirib chiqargan”.

Biroq, Ukraina tomoni bu fikrga qat’iyan qarshi chiqdi. Xususan, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga FIFA prezidentining bayonotiga ijtimoiy tarmoqlarda keskin munosabat bildirdi.

“679 nafar ukrainalik qiz va o‘g‘il bola endi hech qachon futbol o‘ynay olmaydi – Rossiya ularni o‘ldirdi. Va u buni davom ettirmoqda. Shunday bir paytda axloqiy tanazzulga yuz tutganlar taqiqlarni bekor qilishni taklif qilmoqda. Holbuki, Rossiya urushni to‘xtatgani yo‘q”,  deydi Sibiga.

Shuningdek, Ukraina futbol assotsiatsiyasi (UAF) ham rasmiy bayonot bilan chiqib, FIFA va Janni Infantinoni urush davom etayotgan bir vaqtda Rossiya jamoalarini xalqaro musobaqalardan chetlatish bo‘yicha mavjud pozitsiyani o‘zgartirmaslikka chaqirdi.

UAF bayonotida ta’kidlanishicha, Ukraina hududida harbiy harakatlar davom etmoqda, vaziyat yaxshilanmagan, hujumlar tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Shuningdek, Rossiya qo‘shinlari to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab oldinga siljishda davom etayotgani qayd etilgan.

“Biz tajovuzkorni musobaqalardan chetlashtirish samarasiz degan da’voga qo‘shilmaymiz. Aksincha, bu bosim o‘tkazishning samarali usuli. Har qanday Rossiya terma jamoalarining qayta integratsiyasi musobaqalarning xavfsizligi va yaxlitligiga tahdid soladi”,  deyiladi UAF bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA prezidenti Janni Infantino Rossiya jamoalariga qo‘yilgan taqiqni olib tashlash masalasini ko‘rib chiqishga majbur ekanini va bu taqiqning foydasizligini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Janni Infantino

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing