Ukraina tank bilan traktorni ajratolmay, NATOga qanchalik loyiqligini isbotladi – Volodin
Olam
−
18 noyabr 2022
18145NATO qurollari bilan tarbiyalangan Kiyev rejimi alyansning go‘rkoviga aylandi va o‘z muvaffaqiyatsizligini butun dunyoga uch marta isbotladi. Bu haqda bugun, 18 noyabr kuni Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Telegram’dagi kanalida yozib qoldirdi.
“Kiyev rejimi NATO muvaffaqiyatsizlikka uchraganini butun dunyoga uch marta isbotladi”, deydi spiker.
Volodinning ta’biricha, birinchisi, Ruminiya qiruvchi samolyoti Qora dengiz uzra raketa bilan urib tushirilganda edi. Ikkinchisi – Sovet Ittifoqi davrida (taxminan 50 yil oldin) chiqarilgan eski dron 120 kilogrammli bomba bilan uchta NATO davlati – Ruminiya, Vengriya, Xorvatiya hududlari bo‘ylab erkin uchib o‘tgan va Zagrebda portlagan.
“Tasavvur qiling-a, agar Zelenskiy yadroviy qurolga ega bo‘lsa, nima bo‘lar edi?!”, deydi Moskva rasmiysi.
Volodin uchinchi holatda Ukraina raketasi birorta tankni ham nishonga ololmay, Polsha hududidagi birinchi uchragan traktorning ustiga tushganini mazax qilgan. Va Ukraina raketasi tank bilan traktorni ajrata olmasligiga shama qilgan.
“Bu NATO intihosining debochasi ekani aniq. Eng qizig‘i shundaki, NATO qurollari bilan oziqlangan Kiyev rejimi uning go‘rkoviga aylandi”, deya xulosa qildi siyosatchi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 noyabr kuni Polsha sharqida, Ukraina bilan chegarada joylashgan Pshevoduv (Lyublin vodiysi) qishlog‘iga raketa qulab tushdi va ikki kishi halok bo‘ldi. Mamlakat Prezidenti Anjey Dudaning so‘zlariga ko‘ra, bu Polshaga ataylab qilingan hujum emas. Varshavada ma’lum bo‘lishicha, 1970-yillarda ishlab chiqarilgan S-300 tipidagi zenit-raketa tizimining raketasi Ukraina raketaga qarshi mudofaa/havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari tomonidan ishlatilgan.
Polsha hukumati 16 noyabrga o‘tar kechasi Xavfsizlik va mudofaa qo‘mitasi yig‘ilishini o‘tkazdi. Bundan tashqari, Varshava NATO, AQSH va boshqa ittifoqchilar bilan maslahatlashdi. Duda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg, AQSH Prezidenti Jo Bayden va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Polsha hukumati ham turli darajadagi hamkorlar bilan muzokaralar olib bormoqda. Polsha hukumati barcha xizmatlarni yuqori shay holatga keltirish va havo hududi monitoringini kuchaytirishga qaror qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Polsha ommaviy axborot vositalari va rasmiylarining Rossiya raketalari qulagani haqidagi bayonotlarini provokatsiya deb atadi va Ukraina-Polsha chegarasi yaqinida Rossiya qurollarining zarbalari yo‘qligini aytdi.
LiveBarchasi