Moskvadan migrantlarni chiqarib yuborish ikki baravarga oshdi

Olam

image

Moskvada 2026 yilning birinchi yarmida migratsiya qonunchiligini buzgan xorijliklarni mamlakatdan chiqarib yuborish holatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravarga oshdi. Bu haqda bugun, 18 avgust kuni Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin ma’lum qildi.

Rossiya Federal sud majburiy ijro xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi olti oyida faqat Moskva shahrining o‘zida migratsiya qonunchiligini buzgani uchun chiqarib yuborilgan xorijliklar soni 8,3 ming nafardan 16 ming nafarga yetgan.

Volodinning aytishicha, bu ko‘rsatkich mamlakat bo‘yicha ushbu ma’muriy huquqbuzarlik turi asosida chiqarib yuborilganlarning uchdan bir qismini tashkil etadi.

“Agar 2026 yilning olti oyida migrantlar tomonidan sodir etilgan barcha huquqbuzarliklar haqida gapiradigan bo‘lsak, mamlakatdan ma’muriy chiqarib yuborish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar soni qariyb 100 mingtani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,6 baravar ko‘p”, degan u.

Ma’lumot uchun, Rossiya Davlat dumasi joriy yilning iyul oyida mamlakatdan chiqarib yuborishni nazarda tutuvchi Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks moddalari ro‘yxatini ikki barobar kengaytirgan qonunni qabul qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) migrantlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasini 30 foizgacha oshirishni taklif qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing