Rossiyada migrantlar ustidan nazorat keskin kuchaytirilmoqda
Olam
−
28 may 5677 2 daqiqa
Rossiyada migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan bir qator qonunlar qabul qilindi. Bu haqda Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda chet el fuqarolari Rossiya Federatsiyasiga kirishda giyohvandlik va psixotrop moddalar iste’mol qilganlik fakti, shuningdek, yuqumli kasalliklar mavjudligi bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart.
Deputatlar tomonidan qabul qilingan qarorlarga ko‘ra, Rossiyaga uch oydan ortiq muddatga borgan barcha migrantlar uchun majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish muddati 90 kundan 30 kungacha qisqartirilmoqda.
Endilikda mamlakatdagi tibbiyot tashkilotlari 24 soat ichida quyidagi ma’lumotlarni yuborishga majbur:
- Rossiya IIVga – rasmiylashtirilgan tibbiy xulosalar to‘g‘risida;
- Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligi sohasida nazorat bo‘yicha federal xizmatga (Rospotrebnadzor) – migrantda yuqumli kasallik aniqlangani to‘g‘risida.
Agar migrantda shunday kasalliklar aniqlansa, u tezkorlik bilan deportatsiya qilinadi.
Chet el fuqarolarining tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilmoqda. Ushbu huquqbuzarlik uchun sud qarori bilan Rossiya hududidan chiqarib yuborish imkoniyati bilan 50 ming rublgacha miqdorda jarima belgilanadi.
Atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan kasalliklarning yo‘qligi haqidagi rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish va ularning muomalasi uchun kuchaytirilgan jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Ushbu jinoyatni sodir etish 3 million rublgacha jarima bilan birga 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat dumasi ruxsatsiz mitinglarda ishtirok etgan va Rossiya armiyasini “obro‘sizlantirgan” xorijliklarni mamlakatdan chiqarib yuborishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi