Ukraina, Suriya, Liviya... Chavusho‘g‘luning Lavrov bilan uchrashuvidan nimalar kutish mumkin?
Olam
−
16 mart 2022
5119Avval xabar berganimizdek, bugun, 16 mart kuni Moskvada Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashishi kutilyapti.
Lavrov va Chavusho‘g‘li muloqoti markazida Ukrainadagi urush bo‘ladi. Shuningdek, vazirlar Suriya, Kavkazortida tinchlik o‘rnatish, ikki tomonlama munosabatlarga e’tibor qaratadi.
Rossiya-Ukraina urushi
Rossiya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya tomoni turkiyalik hamkasblariga mamlakat Qurolli Kuchlarining Ukrainadagi harbiy harakatlarning borishi va tinch aholi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar, jumladan, gumanitar yo‘laklar va chet el fuqarolarini evakuatsiya qilish haqida ma’lumot beradi.
Anqara Moskva va Kiyev o‘rtasida vositachi bo‘lishga intilmoqda. Turkiya o‘tgan hafta Antaliyada o‘tkazilgan diplomatik forumda Lavrov va Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba o‘rtasida uchrashuv tashkil etishga muvaffaq bo‘ldi. Muzokaralarda muvaffaqiyatga erishilmagan bo‘lsa-da, Anqara urinishlarini to‘xtatmayapti. Endilikda Turkiya Rossiya va Ukraina Prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida ehtimoliy muzokaralar uchun platforma taqdim etishga tayyorligini ma’lum qildi.
Kavkazorti va Suriyada tinchlik
Tomonlar Transkavkaz mintaqasida hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, transport kommunikatsiyalari va boshqa infratuzilmalarni blokdan chiqarish hamda mojarodan keyingi tiklanish masalalarini batafsil ishlab chiqishlari kutilmoqda. Bunga Armaniston va Turkiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilishi ham yordam berishi mumkin. Ahamiyatlisi Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan mamlakati bunga tayyorligini bildirgan.
Arman-turk munosabatlarining normallashuvida esa Rossiya vositachi bo‘la oladi. 14 yanvar kuni Moskvada Yerevan va Anqara vakillarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi.
Ikki tomonning sa’y-harakatlari uchun muhim sohalardan biri Liviya bo‘lib qolmoqda. Moskva tomoniga ko‘ra, Rossiya va Turkiya Liviyada qarama-qarshi kuchlar o‘rtasida sulhni saqlashga katta hissa qo‘shmoqda. Lavrov va Chavusho‘g‘li bo‘lajak muzokaralarda keng qamrovli siyosiy muloqotni yanada yo‘lga qo‘yish va Liviyada ijtimoiy-iqtisodiy hayotni tinch, barqaror yo‘lga qaytarish yo‘llarini topishga e’tibor qaratishi kutilmoqda.
Ostona uchligi
An’anaga ko‘ra, vazirlar Suriyada barqarorlik o‘rnatish, jumladan, Ostona formatidagi kelishuv bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarga alohida e’tibor qaratadilar. E’tiborlisi, kecha, 15 mart kuni Ostona formatining yana bir ishtirokchisi Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyan ham Moskvaga borgan. Tomonlar joriy yilda Eronda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uch tomonlama sammit shartlari va mazmunini ishlab chiqishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Lavrov va Chavusho‘g‘li Suriya konstitutsiyaviy qo‘mitasi faoliyatini faollashtirish kontekstidagi vazifalarni muhokama qiladi, uning navbatdagi yig‘ilishi 21 mart kuni Jenevada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ikki tomonlama masalalar
Rossiya va Turkiya savdo aloqalari ijobiy tomonga o‘zgarib bormoqda Shunday qilib, 2021 yilda tovar ayirboshlash 2020 yilga nisbatan 57 foizga oshib, 33 milliard dollarni tashkil etgan.
Shuningdek, vazirlar “Akkuyu” atom elektr stansiyasini qurish va “Turk oqimi” gaz quvurini ishga tushirish kabi loyihalar bo‘yicha hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Moskva va Anqara o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishi pandemiyaga qarshi kurash bo‘ldi. Avvalroq Turkiyada Rossiyaning “Sputnik V” koronavirusga qarshi vaksinasini ishlab chiqirshni mahalliylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
2021 yilda Turkiya kurortlarida 4 mlndan ortiq rossiyalik dam olgan. Shu munosabat bilan uchrashuvda rossiyaliklarning tizimli xavfsizligini ta’minlash masalalariga ham vaqt ajratilishi ehtimoldan holi emas.
Bundan tashqari, vazirlar qo‘shma strategik rejalashtirish guruhining to‘qqizinchi yig‘ilishini tashkil etish masalalarini ham muhokama qilish niyatida. Guruhning avvalgi sakkizinchi yig‘ilishi 2020 yil 29 dekabr kuni Sochida bo‘lib o‘tgan edi.
“Umid qilamizki, Moskvada bo‘lib o‘tadigan vazirlar uchrashuvi Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirishga real hissa qo‘shadi va ikki davlatning milliy manfaatlarini hisobga olgan holda dolzarb xalqaro muammolarga strategik qarashni mustahkamlaydi”, deya ta’kidlangan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Ma’lumot uchun, Mavlud Chavusho‘g‘lu Moskvadan keyin Kiyevda ham bo‘ladi.
LiveBarchasi