Ukraina Saudiya bilan mudofaa bitimi tuzdi
Olam
−
11:29 493 2 daqiqa
Ukraina va Saudiya Arabistoni mudofaa sohasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Unga ko‘ra, hujjat texnologik hamkorlik, investitsiyalar va xavfsizlik sohasidagi sheriklik uchun asos bo‘ladi hamda Kiyevning xalqaro maydondagi rolini kuchaytiradi.
Zelenskiy Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashuv oldidan ushbu kelishuv imzolanganini aytgan. Unga ko‘ra, Ukraina Saudiya Arabistoniga havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun zarur komponentlarni ishlab chiqishda yordam beradi.
Shuningdek, hamkorlik faqat raketalarni tutib qolish vositalari bilan cheklanmaydi — balki mudofaa tizimlarini yaratish va integratsiya qilish, sun’iy intellekt asosida tahlil, dronlarga (ayniqsa Shahed tipidagi) qarshi kurash texnologiyalarini ham o‘z ichiga oladi.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, ukrainaliklar allaqachon 5 yildan beri ballistik raketalar va dronlar orqali amalga oshirilayotgan hujumlarga qarshi kurashib kelmoqda va bu tajribani boshqa davlatlar bilan bo‘lishishga tayyor.
Uchrashuvda, shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyat, Rossiyaning Eronga ko‘rsatayotgan yordami, yoqilg‘i bozori holati hamda energetik hamkorlik masalalari muhokama qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Yaqin Sharq davlatlarida 200 dan ortiq ukrainalik harbiy mutaxassis faoliyat yuritmoqda va ular mintaqada dronlar hamda raketa hujumlariga qarshi himoyani kuchaytirish ustida ishlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Zelenskiy 26 mart kuni oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan Saudiya Arabistoniga yetib borgandi. Tashrif davomida Zelenskiy Makka gubernatori o‘rinbosari shahzoda Saud bin Mish’al bin Abdulaziz bilan uchrashgan. Uchrashuv hashamatli, oltin va kumush bezaklar bilan jihozlangan zalda bo‘lib o‘tgan.
Live
Barchasi