Ukraina Rossiyaga yirik dron hujumini uyushtirdi
Olam
−
26 iyun 7006 2 daqiqa
Ukraina bugun, 26 iyunga o‘tar kechasi Rossiyaning o‘ndan ortiq hududi, anneksiya qilingan Qrim va ularga tutash dengiz hududlariga 660 ta dron bilan keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Bu Rossiyaning 2022 yil fevral oyida Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirganidan buyon qayd etilgan eng yirik dron hujumlaridan biri hisoblanadi. Bundan avvalgi rekord hujum joriy yilning 17 may kuni kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda Rossiya 556 ta dron yo‘q qilinganini ma’lum qilgan.
Rossiya hujum oqibatlari haqida batafsil ma’lumot bermagan. Biroq Tula viloyatining Novomoskovsk shahridagi kimyo zavodi hamda gidroelektr stansiyasi hujumga uchragani va ularda yong‘in chiqqani haqida ham xabarlar tarqalgan. Mazkur ma’lumot hozircha mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.
Moskva meri Sergey Sobyanin poytaxt tomon uchayotgan 47 ta Ukraina droni urib tushirilganini bildirib, qurbonlar va jiddiy talafot qayd etilmaganini ma’lum qilgan. Shuningdek, Ukraina Xavfsizlik xizmati Qrimning Kerch portida Rossiya harbiy-dengiz flotiga tegishli kemalar va havo mudofaasi radarlariga zarba berilganini bildirgan. Ukraina tomonining ta’kidlashicha, Volga, Vyatka hamda Petropavlovsk kemalari nishonga olingan va hujum oqibatida yirik yong‘in yuzaga kelgan.
Ayni paytda Rossiyaning Ukrainaga bergan zarbalari oqibatida kamida uch nafar tinch aholi halok bo‘lgan, yana 20 kishi turli darajada jarohat olgan. Xarkov, Kiyev, Odessa, Zaporoje va Sumi viloyatlarida turar joylar hamda infratuzilma ob’ektlariga zarar yetgan.
Ukraina Harbiy-havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan kecha Rossiya uchirgan 189 ta drondan 174 tasi urib tushirilgan. Biroq uchirilgan yettita Iskander-M ballistik raketasining to‘rttasi havo mudofaasidan o‘tib, turli hududlarga zarba bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning uch yuzdan ortiq droni Rossiya hududiga zarba bergan edi.
Live
BarchasiQo‘yliqda ham yong‘in sodir bo‘ldi
06 avgust