Ukraina Rossiyaga yana keng qamrovli dron hujumi uyushtirdi
Olam
−
25 dekabr
7380Ukraina dronlari bugun, 25 dekabrga o‘tar kechasi Rossiya hududlariga hujum qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan 59 ta dron yo‘q qilingan. Ulardan 26 tasi Belgorod viloyatida, 23 tasi Voronej viloyatida, 3 tasi Kursk, Bryansk va Tambov viloyatlarida, 1 tasi dengiz ustida urib tushirilgan.
Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusevning xabar berishicha, mudofaa kuchlari va elektron urush tizimlari Voronej chekkasida va viloyatning ikki tumanida uchuvchisiz uchoqlarni urib tushirgan. Bir hududda dronlar qulashi oqibatida elektr uzatish liniyasi shikastlangan. Bir qancha xususiy uy va binolar ham zarar ko‘rgan, ammo qurbonlar bo‘lmagan.
Bryansk viloyati rasmiylariga ko‘ra, hujum oqibatida hech kim jabrlanmagan va vayronagarchiliklar bo‘lmagan. Hujum qilingan boshqa viloyatlar hukumatlari oqibatlar haqida xabar bermagan.
Qolaversa, federal havo transporti agentligi 25 dekabr kuni ertalab Qozon aeroportida fuqarolik samolyotlarining parvozlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida cheklovlar joriy etilgani haqida xabar bergan.
“Aeroport vaqtinchalik samolyotlarni qabul qilmaydi yoki jo‘natmaydi”, deyiladi xabarda.
“RIA Novosti” xabariga ko‘ra, Istanbul, Olmaota va Tomskdan Qozonga uchayotgan reyslar Samaraga yo‘naltirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 21 dekabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning Kursk viloyati Rilsk shahriga bergan yirik zarbasi oqibatida besh kishi halok bo‘lib, 12 kishi yaralangandi. Qolaversa, 21 dekabr kuni ertalab Ukraina uchuvchisiz samolyotlari Tatariston poytaxti Qozon shahriga ham hujum qilgandi.
LiveBarchasi